Britaniya AQSHning “nog‘arasiga o‘ynash”ni bas qilishi kerak – Xitoy
Olam
−
22 may 2023 11687 2 daqiqa
Xitoyning Londondagi elchixonasi Britaniya hukumati Pekinga qarshi “tuhmatli bayonotlar” berishni bas qilishi va buning o‘rniga, o‘z muammolari bilan shug‘ullanishi kerakligini aytdi. Bu haqda elchixonaning bugun, 22 may kuni e’lon qilingan bayonotida so‘z bordi.
“Amerika Qo‘shma Shtatlari va uning bir qator vassallari boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashishda va qarama-qarshiliklarni keltirib chiqarishda davom etayotgan bir paytda, Xitoy dunyoda tinchlik o‘rnatayotgani, global taraqqiyotga ko‘maklashayotgani va xalqaro tartibni himoya qilayotganini har kim ham ko‘rishi mumkin. Biroq ular (AQSH va uning ittifoqchilari) global xavfsizlik va farovonlikka eng katta muammo tug‘dirmoqda”, deyiladi Xitoy elchixonasi bayonotida.
Shuningdek, Xitoy diplomatik vakolatxonasi Britaniya siyosatchilarini har doim AQSH ohangiga “raqsga tushish”, butun dunyo bo‘ylab muammolarni ko‘paytirib, bo‘linish va qarama-qarshilikni qo‘zg‘atishdan ko‘ra, o‘z mamlakatida uzoq muddatli siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal qilishga e’tibor qaratishga chaqirgan.
“Britaniyaliklarni Xitoy-Britaniya munosabatlariga zarar yetkazmaslik uchun Xitoyga tuhmat qilishni bas qilishga chaqiramiz”, degan Xitoy diplomatik missiyasi.
Xitoy tomonidan bunday bayonotlar yangrashiga G7 sammiti va unda qatnashgan Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunakning nutqi sabab bo‘lgan. Chunki kecha, 21 mart kuni Rishi Sunak Xirosimadagi G7 sammiti yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida so‘zlab, Xitoy “asrimizning eng katta global xavfsizlik muammosi” ekanini aytgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr