Braziliyada Telegram bloklandi. Bunga sabab yahudiylarga nisbatan hujumlar ekani aytilmoqda
Olam
−
27 aprel 2023
5186Kecha, 26 aprel kuni Braziliyada Telegram ilovasi vaqtinchalik bloklandi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bunga hukumat tomonidan Telegram'ga egalik qiluvchi kompaniyaga yuborilgan tarmoqdagi neonatsistlar haqida ma’lumot berishni so‘rab jo‘natilgan murojaat javobsiz qolgani sabab bo‘lgan.
Ushbu harakat Braziliya maktablarida ketma-ket sodir bo‘lgan hujumlardan keyin amalga oshirilgan. Hujumlarning kamida bittasi antisemitistik (yahudiylarga nisbatan dushmanlik) guruhlar bilan bog‘liqligi aytilmoqda.
Mamlakat Adliya vaziri Flavio Dinoning ma’lum qilishicha, sud platformani ijtimoiy tarmoqlardagi neonatsistlar faoliyati yuzasidan olib borilayotgan tergovga bo‘ysunmagani uchun kuniga 1 million real (taxminan 198 ming dollar) jarimaga tortgan va davlat hududida uning faoliyatini vaqtinchalik to‘xatib turishni buyurgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, shu yilning aprel oyi boshida Braziliya janubidagi Santa-Katerina shtatida kichik bolta bilan qurollangan erkak 4 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisini o‘ldirgandi. Mamlakatda Telegram'ga nisbatan jarima solinishi ham yangilik emas. Shu yilning yanvar oyida Braziliya poytaxtida sobiq prezident tarafdorlari tartibsizliklar uyushtirganida hukumat Telegram'dan beshta akkauntni bloklashni so‘ragandi. Shunga qaramay, hukumatning so‘rovida aytilgan bitta akkaunt bloklanmay qolganidan so‘ng Braziliya sudi messenjerni tergov doirasida qabul qilingan va jarima solish uchun asos bo‘lgan qarorni shubha ostiga qo‘yganlikda ayblab, 1,2 million real miqdorida jarimaga tortgan.
LiveBarchasi