Braziliyada politsiya o‘tkazgan yirik operatsiyada 64 kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida politsiya va “Qizil jamoa” deb ataluvchi jinoyiy guruh o‘rtasida shahar tarixidagi eng yirik operatsiya chog‘ida to‘qnashuvlar yuz berdi va oqibatda 64 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “La Nacion” xabar berdi.

Operatsiya kecha, 28 oktyabr kuni ertalab shaharning shimolidagi Penya va Alemao tumanlarida o‘tkazilgan. Unda 2 500 dan ortiq politsiyachi qatnashgan. To‘qnashuvlar oqibatida 64 kishi halok bo‘lgan, jumladan, 4 nafar politsiyachi ham. 8 politsiyachi yaralangan, 81 kishi hibsga olingan, bir necha o‘nlab qurol musodara qilingan. Politsiya 32 ta zirhli mashina, 2 vertolyot va bir necha dron yordamida tumanlarning ichkarisiga hujum qilgan.

Rio-de-Janeyro shtati gubernatori Klaudio Kastro o‘z ijtimoiy tarmoqlarida narkoterrorga qarshi qat’iy kurash ketayotganini ta’kidlagan. 

Uning aytishicha, politsiya katta miqdorda narkotik moddalarni qo‘lga kiritgan. Operatsiyaning maqsadi – jinoiy guruhning “hududiy kengayishiga qarshi kurashish” bo‘lgan. Shu bilan birga, Kastro federal hukumatdan va qurolli kuchlardan yordam so‘rab murojaat qilgan, ammo armiya zirhli texnika so‘rovini uch marta rad etganini ma’lum qilgan. Prezident Luis Inasiu Lula da Silva ma’muriyati esa bu ayblovlarni “saylovoldi siyosiy harakat” deb atagan.

Ertalabdan boshlab shaharda o‘q ovozlari eshitilgan, guruh a’zolari bir necha ko‘chalarni to‘sib, 6 ta avtobusni o‘g‘irlab, ulardan barrikadalar qurgan.

Tumanlar aholisi ijtimoiy tarmoqlarda yonayotgan avtobuslar, tutun ustunlari va uzluksiz o‘q otishmalar aks etgan videolarni ulashgan. Politsiyaning ma’lum qilishicha, jinoyatchilar dronlardan granatalar tashlagan.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan universitetlar, 46 ta maktab hamda 5 ta tibbiyot muassasasi vaqtincha yopilgan, jamoat transporti ishlashi izdan chiqqan. 

Hibsga olinganlar orasida “Qizil jamoa” yetakchilaridan biri hisoblangan Tyagu du Nasimentu Mendesh hamda uning sherigi Nikolas Fernandes Soares bor. Ular “Doka” yoki “Urso” laqabi bilan tanilgan. 

Rasmiylarning ta’kidlashicha, bu operatsiya 2010 yildagi mashhur favella janglaridan ham kattaroq ko‘lamda o‘tgan. O‘shanda 30 dan ortiq kishi, jumladan, harbiylar va gumonlanuvchilar halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiiz, avvalroq Meksikada politsiya yo‘l bo‘yidan olti erkakning kesilgan boshini topgandi. Boshlarning yuz qismidan teri ajratib olingan va ularning yonida jinoyatchi guruhlardan biri tomonidan imzolangan deb taxmin qilinayotgan yozuvli mato ham bo‘lgan. Matn mintaqadagi zo‘ravonlik harakatlarida ayblanayotgan shaxslarga qaratilgan bo‘lib, ularga tovlamachilik va qotilliklar bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Braziliya Rio-de-Janeyro Klaudio Kastro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing