Braziliyada olti kunlik ish haftasi bekor qilindi

Olam

−

image

Kecha, 19 oktyabr kuni Braziliya Senati ish haftasini 44 soatdan 40 soatgacha qisqartiradigan va xodimlarga ikki kunlik dam olish kunini beradigan konstitutsiyaga kiritilgan tuzatishni qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda “Good News Network” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hujjatni qabul qilish uchun 76 nafar senatordan 75 tasi ovoz bergan. Ilgari Braziliyada haftasiga 44 soatlik ish tartibi va bir majburiy dam olish kuni to‘liq bandlik hisoblanar edi. Yangi qoidalar mamlakatdagi ish grafigini AQSH va boshqa yirik iqtisodiyotlar standartlariga tenglashtiradi. O‘zgarishlar bosqichma-bosqich kuchga kiradi: 60 kundan keyin cheklov 42 soatgacha, yana bir yildan so‘ng esa 40 soatgacha kamayadi.

Parlamentning quyi palatasi ushbu tashabbusni may oyida ma’qullagan. Qonun loyihasi mamlakatning amaldagi Prezidenti tomonidan ham, uning bosh siyosiy raqibi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan. Braziliya mehnat qonunchiligiga bu kabi tuzatishlar 1988 yildan beri kiritilmagan. O‘shanda standart ish vaqti 48 soatdan 44 soatgacha qisqartirilgan.

Qo‘shimcha dam olish kuni fuqarolarga oilasiga ko‘proq vaqt ajratish imkonini beradi. Kompaniya va ish beruvchilar esa avvalgi ish hajmini saqlab qolish uchun smena grafiklarini qayta ko‘rib chiqish yoki qo‘shimcha xodimlarni ishga olish uchun vaqt zahirasiga ega bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyada 200 ta kompaniya xodimlarining ish haqini kamaytirmasdan, barcha uchun to‘rt kunlik ish haftasini joriy etishga kelishib olgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing