Braziliyada koronavirusga chalinganlar 2 milliondan, Hindistonda esa 1 milliondan oshdi

Olam

image

Braziliyada koronavirusga chalinganlar soni 2 milliondan, Hindistonda 1 milliondan oshdi. Hindiston bemorlar soni milliondan oshgan uchinchi davlat bo‘ldi.

Braziliya

Dunyoda bemorlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda borayotgan Braziliyada qurbonlar soni ham tezlikda oshib boryapti. Lotin Amerikasi mamlakatida 2 012 151 kishida koronavirus aniqlangan, shularning 1 397 531 nafari sog‘aygan. Bugungacha COVID-19 dan o‘lganlar 76 mingdan oshdi.

Ammo mutaxassislar ko‘rsatilayotgan raqamlar reallikka to‘g‘ri kelmasligini taxmin qilyapti. Bir nechta institut olimlari tomonidan ishlab chiqilgan modelga ko‘ra, mamlakatda 10 mln atrofida kasallangan bo‘lishi mumkin.

Koronavirusni tan olmay, mamlakatda zarur choralarni ko‘rmagan Braziliya Prezidenti Jair Bolsonaruning o‘zida ham koronavirus aniqlangan.

Hindiston

Aholisi milliarddan oshiq ikki mamlakatdan biri Hindistonda 1 003 832 nafar odamda koronavirus aniqlangan. Mamlakat bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda boryapti.

Hindistonda 635 757 nafar bemor koronavirusdan sog‘aygan. 25 602 kishi esa infeksiyadan vafot etgan.

Hind kino yulduzi Amitabx Bachchan oilasida ham koronavirus aniqlangan. Amitabx Bachchandan tashqari, o‘g‘li Amxishek va kelini Ayshvariya Ray hamda ularning qizi koronavirusga chalingan.

Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha 13 827 384 kishi koronavirusga chalingan. Bugungacha 590 401 kishi virus qurboni bo‘lgan. Bemorlarning 7 733 051 nafari sog‘aygan. Virus tarqalishi bo‘yicha AQSH birinchi o‘rinda boryapti. Amerikada 3 576 430 odamda koronavirus aniqlangan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Braziliya koronavirus

Baholaganlar

176

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing