Hindistonda iyungacha davom etadigan saylovlarning ikkinchi bosqichi boshlandi

Olam

image

Hindistonda bugun, 26 aprel kuni parlament saylovlarining ikkinchi bosqichida ovoz berish boshlandi. Unda 160 milliongacha kishi ovoz berishi mumkin. Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 07:00 da (Toshkent vaqti bilan 06:30) ish boshladi.

Hindistonda saylovlar an’anaviy tarzda bir necha bosqichda o‘tkaziladi, chunki saylovchilar soni ko‘p, saylov idoralari xodimlari va ovoz berish mashinalarini joylashtirish imkoniyati cheklangan va ayrim hududlarga kirish imkoni yo‘q. Ovoz berishning birinchi kuni 19 aprel kuni muhim voqea-hodisalarsiz o‘tdi. 1 iyunga qadar yana beshta bosqich bo‘ladi.

Bugun saylovlar 13 shtat va ittifoq hududida bo‘lib o‘tmoqda, 543 deputat o‘tirgan parlament quyi palatasidagi 88 o‘rin taqdiri hal qilinmoqda. Markaziy saylov komissiyasining ta’kidlashicha, bugun mamlakatda ob-havo “normal chegaralar ichida bo‘lishi kutilmoqda, shuning uchun saylovchilar bemalol ovoz berishlari mumkin”. Biroq bir qator hududlarda havo harorati Selsiy bo‘yicha 40 darajadan oshishi kutilayotgani sababli saylov uchastkalarida jaziramaga qarshi maxsus choralar ko‘riladi.

Saylov komissiyalari xodimlari va huquq-tartibot idoralari xodimlarining harakatlanishi uchun 3 ta vertolyot, 4 ta maxsus poyezd, 80 mingga yaqin avtomashinadan foydalaniladi. Ovoz berish 18:00 (Toshkent vaqti bilan 17:30)gacha davom etadi.

Ovoz berishning barcha bosqichlari natijalari bo‘yicha ovozlarni sanab chiqish 4 iyungacha yakunlanishi kerak. Mamlakatda jami 968,6 million kishi ovoz berish huquqiga ega. Bosh vazir Narendra Modining hukmron koalitsiyasi uchinchi muddatga saylanmoqchi. Unga 28 ta milliy va mintaqaviy partiyalarni birlashtirgan I.N.D.I.A muxolifat alyansi qarshilik qilmoqda, uning asosiy kuchi Hindiston Milliy Kongressidir. Saylovlar oldidan o‘tkazilgan so‘rovlar hukmron koalitsiyaning g‘alaba qozonish ehtimoli yuqori ekanligini ko‘rsatdi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston saylov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made