Yaponiya va Braziliya Amazon o‘rmonlarini “otaliqqa oldi”
Olam
−
04 may
4062Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida va Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva kecha, 3 may kuni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, jumladan Amazon o‘rmonlarini himoya qilishni kuchaytirishga kelishib oldi. Bu haqda Yaponiyaning “Kyodo” nashri ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Braziliyadagi muzokaralari chog‘ida Kisida va Lula dekarbonizatsiya (karbonat angidrid miqdorini kamaytirish jarayoni) va boshqa atrof-muhit masalalari bo‘yicha keng qamrovli hamkorlik shartnomasini imzolagan.
Yashil hamkorlik tashabbusi to‘g‘risidagi bitim o‘rmonlarning kesilishining oldini olish va barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida degradatsiyaga uchragan qishloq xo‘jaligi yerlarini qayta tiklash uchun moliyaviy hissa va yordamni o‘z ichiga oladi.
Uchrashuvdan so‘ng Kisida Lula bilan qo‘shma matbuot brifingida Yaponiya dunyoda uglerod neytralligini amalga oshirishga hissa qo‘shishini aytgan. Lula iqlim o‘zgarishi jiddiy muammo ekanini ta’kidlab, toza energiya korxonalariga ko‘proq sarmoya kiritishga chaqirgan. Bosh vazir Yaponiya global muammolarni hal qilish uchun Braziliya bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.
Qolaversa, Braziliya 2025 yilda COP30 deb nomlanuvchi BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 30-sessiyasiga mezbonlik qilishi rejalashtirilgan. Davlat rahbari konferensiya bahonasida yerning “o‘pkasi” deb ataladigan Amazon o‘rmonini saqlab qolish uchun jiddiy choralar ko‘rmoqchi.
Bundan tashqari, Kisida Lula bilan mudofaa va kiberxavfsizlik sohalarida hamda BMT Xavfsizlik Kengashi islohotida yaqinroq hamkorlik qilishga kelishib olgan.
Ikki davlat yetakchilari o‘tgan yili Yaponiyaning Braziliyaga immigratsiya boshlanganiga 115 yil to‘lishi munosabati bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda o‘z mamlakatlari o‘rtasidagi odamlar almashinuvi muhimligini ta’kidlagan.
Ularning bayonotiga ko‘ra, Yaponiyadan tashqaridagi eng katta diaspora jamiyati bo‘lgan Braziliyada 2,7 millionga yaqin yaponiyaliklar yashaydi, Yaponiya esa 210,000 dan ortiq bo‘lgan beshinchi yirik Braziliya hamjamiyatiga mezbondir.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Amazon kompaniyasi asoschisi Jeff Bezos va mashhur aktyor Leonardo Dikaprio Amazon o‘rmonlarini asrab qolish uchun xayriya mablag‘i ajratmoqchi ekanini ma’lum qilgan edik.