Braziliyada katta to‘polon: qonga belangan muxlislar, Messi va Rodrigo o‘rtasidagi konflikt va Martinesning agressiyasi (fotoreportaj)

Sport

image

“Marakana”dagi jinnilik

Ikki top terma jamoa o‘rtasidagi mazmunli futbol o‘rniga Braziliya - Argentina o‘yini bahs starti avvalida sodir bo‘lgan katta tartibsizlik bilan yodda qoldi.

Maydonning o‘ng tomonidagi darvoza ortida ikkala jamoa muxlislari mushtlashdi, argentinaliklarni mahalliy politsiya rezina tayoqlar bilan tinchlantirishga urindi. Vaziyatga Argentina terma jamoasi o‘yinchilari aralashdi, ammo ularning harakatlari ham holatni ijobiy tarafga o‘zgartirmadi.

Ikkala jamoa maydonga tushib, madhiyalarini kuylayotgan bir paytda tribunalarda mushtlashuvlar boshlanib ketdi.

Braziliya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, mojaro Braziliya madhiyasi kuylanayotgan paytda argentinaliklarning mezbon muxlislariga hujum qilishidan kelib chiqqan.

Haqiqatdan ham katta jang

Braziliya terma jamoasi sardori Markinos argentinalik futbolchilar bilan tribunaga ko‘tarildi. U tribunadagi muxlislarni tinchlantirish uchun imo-ishoralar qila boshladi.

Ammo hatto politsiya ham vaziyatni o‘z qo‘liga ololmadi, oqibatda ayanchli holatlar yuzaga keldi.

Emiliano Martines futbolchilar orasida eng faollaridan biri bo‘ldi.

Hamyurtlarini urishayotganiga chidab tura olmagan Martines tribunaga sakrab chiqmoqchi bo‘ldi.

“Infobae” nashrining yozishicha, voqea joyida ikki kishi jiddiy jarohat olgan. 

Vaziyatga Argentina sardori Lionel Messi ham aralashdi. Hamyurtlari kaltaklanayotganini ko‘rgan Messi va jamoadoshlari maydonni tark etdi. Biroz o‘tib mehmonlarda agressiya pasaygach, ular maydonga qaytdi.

“Biz ularning odamlarni qanday urayotganini ko‘rib turibmiz, bu “Libertadores” finalida ham yuz bergandi. Ular bu narsaga o‘yindan ko‘ra ko‘proq e’tibor qaratishayapti. Biz bunday sharoitda o‘ynay olmaymiz”, deydi Messi uchrashuvdan so‘ng.

Argentina terma jamoasini qaytishga kim ko‘ndirgani hozircha noma’lum.

To‘xtalish 27 daqiqa davom etdi, bu vaqt davomida braziliyaliklar maydonda bo‘lishdi. Jahon chempionlari qaytib kelgach, futbolchilar o‘rtasida nizolar kelib chiqdi.

Eng esda qolarli vaziyatlardan biri Messi va Rodrigo o‘rtasida sodir bo‘ldi. Lionel raqibining bo‘ynidan ushlab, unga juda qattiq gapirdi. Braziliyalik yosh futbolchi ham xuddi shunday ohangda javob qaytardi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, Rodrigoning Messiga qarata aytgan “Sizlar qo‘rqoqsiz”, degan gapiga 8 karra Oltin to‘p sohibi “Biz jahon chempionimiz. Nima deyayotganingni bilasanmi?”, deya javob qaytargan.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida argentinaliklar gol urdi – gol muallifi Nikolas Otamendi.

Styuardlar qurshovida bo‘lgan argentinalik muxlislar xursand bo‘ldi. Ularning jamoasi o‘yinda g‘alaba qozondi. Braziliyaliklar esa Joelintonning chetlatilishi tufayli o‘yinni ozchilik bo‘lib yakunladi.


Maqola muallifi

Teglar

Lionel' Messi Braziliya Argentina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made