Braziliya Prezidenti ikki operatsiyadan so‘ng shifoxonadan chiqdi
Olam
−
16 dekabr
1658Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva ikki operatsiyadan so‘ng shifoxonadan chiqarildi. Endilikda u o‘z vazifalarini bajarishga qaytadi, ammo shifokorlar unga 15 kun davomida jismoniy zo‘riqishlarni cheklashni va samolyotda parvozlardan voz kechishni tavsiya qilgan. Bu haqda “G1” nashri xabar berdi.
“Bizning bemorimiz sog‘ayib ketgani, kutilganidan ham yaxshiroq natijalarga erishilgani men va butun jamoamiz uchun quvonchli bo‘ldi. Prezident shifoxonadan uyiga qaytish uchun ruxsat oldi”, deydi shifokor Ana Helena Germolio.
Prezidentning o‘zi jurnalistlarga hozirda o‘zini to‘liq sog‘lom his qilayotganini va uyiga qaytayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 oktyabr kuni Lula da Silva hammomda yiqilib, boshining orqa qismini jarohatlagandi. 9 dekabr kuni esa Braziliya Prezidenti bosh og‘rig‘idan shikoyat qilib, Braziliya shahridagi shifoxonaga borgan. Tekshiruv natijasida miyaga qon quyilishi aniqlangan. Davlat rahbari San-Paulu shahridagi shifoxonaga yuborilib, u yerda bosh miyada ikki marta jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Prezidentning vazifalarini shu vaqt davomida vitse-prezident Jeraldu Alkmim bajargan.
Luis Inasiu Lula da Silva joriy yilning 22-24 oktyabr kunlari Qozonda bo‘lib o‘tadigan BRICS sammitida ishtirok etish uchun Rossiyaga borishi kerak edi, ammo u parvozini bekor qilgandi. Braziliyadagi Cirio Libanes shifoxonasi tomonidan e’lon qilingan tibbiy xulosaga ko‘ra, siyosatchiga uzoq masofalarga havo qatnovidan qochish tavsiya etilgandi.
LiveBarchasi