Braundagi qotillik ortidan AQSHdagi o‘zbekistonliklar senatorlarga xat yubordi
Olam
−
18 dekabr 3518 2 daqiqa
Avvalroq, AQSHning Rod-Aylend shtati Providens shahridagi Braun universitetida sodir bo‘lgan otishma oqibatida o‘zbekistonlik talaba Muhammadaziz Umurzoqov halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Ushbu holat ortidan AQSHdagi Amerika-O‘zbekiston Assotsiatsiyasi Virjiniya shtatidan saylangan senatorlar va Kongress a’zolariga qurolli zo‘ravonlikka qarshi qat’iy qonunchilik choralarini ko‘rishga chaqirib maktub yubordi. Bu haqda assotsiatsiyasining Telegram-kanalida xabar berildi.
“Biz bu murojaatni Braun universitetidagi otishma qurbonlari, jumladan yosh o‘zbekistonlik talaba va Virjiniya rezidenti Muhammadaziz Umurzoqovning xotirasiga bag‘ishlab, butun mamlakat bo‘ylabqurolli zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan oilalar bilan birdamlikda yozdik. Bizning murojaatimiz amerikalik o‘zbek oilalar hamda maktablar, jamoat joylari va xonadonlar xavfsizligi haqida qayg‘urayotgan barcha ota-onalarning tashvishini aks ettiradi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, maktubda Muhammadaziz Umurzoqovning o‘ldirilishi bilan bog‘liq fojia AQSHdagi son-sanoqsiz maktab va universitetlardagi otishmalar, ibodatxonalarga uyushtirilgan hujumlar qatoriga qo‘shilgani qayd etilgan.


“Har bir bunday voqea bir og‘riqli haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi: Amerikadagi ommaviy otishmalar endi kamyob holat emas. Bu – tizimli muammo”, deyiladi xatda.
Bundan tashqari, maktubda Virjiniyada va butun Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab yashovchi, ko‘plari Virjiniya rezidenti, saylovchi va soliq to‘lovchi bo‘lgan amerikalik o‘zbek oilalarning tobora ko‘payib borayotgan ovozlari aks etishi qayd etilgan.
“Ular kundalik hayot xavfsizligining yomonlashib borayotganidan chuqur xavotirda. Ota-onalar endi faqat maktab va universitetlar haqida emas, balki jamoat joylari, hatto o‘z uylarining xavfsizligi haqida ham qayg‘urmoqda”, deyiladi xatda.
Shu bilan birga, unda hamdardlik va duo qanchalik samimiy bo‘lmasin, amaliy choralar o‘rnini bosa olmasligi yozilgan. Bildirilishicha, talabalar, o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va begunoh jamoa a’zolarining uzluksiz halok bo‘lishi tizimli muvaffaqiyatsizlikni ko‘rsatmoqda. Boshqa rivojlangan davlatlarda qurol zo‘ravonligi bunday miqyosda va tez-tez uchramaydi. Farq – siyosatda.
“Biz sizlarni hurmat bilan, ammo qat’iy tarzda dalillarga asoslangan, qat’iy qurol nazorati choralarini qonunchilik darajasida joriy etishga chaqiramiz”, deyiladi hamjamiyat xatida.
Eslatib o‘tamiz, Braun universitetidagi otishma oqibatida kamida 2 nafar kishi halok bo‘lgani va 7 nafar shaxs og‘ir jarohat olgan. Vafot etganlar orasida bo‘lgan o‘zbekistonlik talaba – 2007 yilda tug‘ilgan Muhammadaziz Umurzoqov oila a’zolari AQSHda istiqomat qilib kelgan.
Live
Barchasi