Bred Pittdan Selena Gomesgacha. “Oltin globus-2023” nomzodlari e’lon qilindi

Madaniyat-san’at

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari kino sanoatida “Oskar”dan keyingi o‘rinda turuvchi “Oltin globus” taqdirlash marosimida 27 ta nominatsiya bo‘yicha barcha nomzodlar ro‘yxati e’lon qilindi.

E’tiborlisi, mukofotning asosiy nominatsiyasi bo‘lgan “Eng yaxshi film” (drama) yo‘nalishiga hali taqdimoti bo‘lib o‘tmagan “Avatar: suv yo‘li” (“Avatar 2”) filmi ham qo‘yilgan. Ushbu nominatsiyada g‘oliblik uchun “Top Gan: Meverik”, “Elvis”, “Febelman” va “Tar” filmlari kurashadi.

Shuningdek, musiqiy, komediya yo‘nalishidagi nomzodlar orasida o‘zbek tomoshabinlariga “Jeyms Bond” sifatida tanilgan Deniyel Kreyg nomzodi qo‘yilgan. Uning raqiblari – Diyego Kalva, Adam Drayver, Kolin Farrell, Reyf Fayns kabi aktyorlar.

Ikkinchi darajadagi eng yaxshi aktyor yo‘nalishida esa “Vavilon” filmidagi ijrosi uchun aktyor Bred Pittning ham nomzodi ko‘rsatilgan. Bu yo‘nalishdagi boshqa nomzodlar esa Brendan Glison, Barri Keogan, Ke Xyui Kuan va Eddi Redmeynlardir.

Eng yaxshi kinorejissyor yo‘nalishida esa ikki nomdor rejissyorlar Jeyms Kemeron (“Avatar 2”) va Stiven Spilberg (“Fabelman”) nomzodi qo‘yilgan. Ularga Deniyel Kvan va Deniyel Shaynert, Baz Lurman hamda Martin Makdonaxlar raqiblik qiladi. 

Eng yaxshi xorijiy film yo‘nalishidagi besh kinodan ikkitasi osiyolik ijodkorlar tomonidan yaratilgan. Bular: Janubiy Koreyaning “Ketish qarori”, Hindistonning “RRR” filmi. Qolaversa, “Argentina 1985”, “Yaqin” (Belgiya) va “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” (Germaniya) filmlari nufuzli mukofot uchun kurashadi.

Musiqali komediya – seriallardagi eng yaxshi teleaktrisa yo‘nalishida esa Selena Gomes nomzodi qo‘yilgan. Xonandaga “Bir binodagi qotillik” teleserialidagi roli uchun mukofotni qo‘lga kiritishida Kvinta Branson, Keyli Kuoko, Jenna Ortega va Jin Smart halal berishi mumkin.

O‘z vaqtida “Pushti pantera” va “Kelinning otasi” kabi filmlari bilan tanilgan aktyor Stiv Martinga yana omad kulib boqqan ko‘rinadi. U ham “Bir binodagi qotillik” teleserialidagi roli uchun musiqali komediya yo‘nalishidagi seriallarning eng yaxshi teleaktyori nominatsiyasiga nomzod bo‘lgan. Bill Xeyder, Donald Glover, Martin Short va Jeremi Allen Uayt kabi aktyorlar nomzodi bor.

“Oltin globus” mukofoti bilan taqdirlash marosimi 2023 yilning 10 yanvar kuni Kaliforniyaning Beverli-Xillz shahridagi “Beverli Xilton” mehmonxonasida bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot o‘rnida, 1944 yilda Gollivud xorijiy matbuot assotsiatsiyasi tomonidan asos solingan “Oltin globus” mukofotining taqdirlash marosimi 2023 yilda 80-marotaba o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Bred Pitt Avatar Oltin globus Deniel Kreyg

Baholaganlar

99

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing