Bred Pitt Neymarga “aktyorlik sabog‘i”ni berishini aytdi
Sport
−
14:54 276 2 daqiqa
2026 yilgi Jahon chempionatini kuzatgan amerikalik aktyor Bred Pitt futbolchilarning maydondagi simulyatsiyalarini tanqid qildi va braziliyalik yulduz Neymarga aktyorlik bo‘yicha saboq berishini aytdi. Bu haqda aktyor “Esquire” nashri bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Men simulyatsiya bo‘yicha kurs o‘qitishni boshlamoqchiman, chunki bu yigitlar juda yomon. Bu men ko‘rgan eng yomon aktyorlik mahoratlaridan biri. Simulyatsiya o‘yinning bir qismi ekanini tushunaman, lekin ularga yordam kerak”, deydi Pitt.
62 yoshli, ikki karra “Oskar” mukofoti sovrindori Neymarning maydondagi harakatlarini ham tanqid qildi.
“Men Neymardan boshlayman. U maydonda qanchalik mohir bo‘lmasin, unga yordam kerak. Men unga qoidabuzarlikni qanday qilib to‘g‘ri “sotish”, ya’ni buni ishonarli tarzda va ehtiyotkorlik bilan bajarishni ko‘rsataman. Buning uchun menda butun bir mashg‘ulot dasturi bor”, deydi aktyor hazilomuz tarzda.
Ma’lumot uchun, Neymar 2026 yilgi Jahon chempionatida ikki marta maydonga tushgan va turnirda boldiridan olgan jarohati bilan o‘ynagandi. U mamlakat terma jamoasi safida 130 ta uchrashuv o‘tkazib, 80 ta gol urgan. U terma jamoa bilan 2016 yilgi Olimpiadada chempion bo‘lgan, 2012 yilgi Olimpiada va 2021 yilgi Amerika Kubogida kumush medalini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, 2013 yilgi Konfederatsiyalar Kubogida g‘olib chiqqan.
Neymar hali professional faoliyatini yakunlashni rejalashtirmayapti. Uning “Santos” bilan shartnomasi 2026 yil 31 dekabrga qadar amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 34 yoshli Neymar Braziliya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi