BP O‘zbekistonda so‘z erkinligi xavf ostida emasligini ma’lum qildi

Jamiyat

O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon bir necha jurnalistlar va blogerlar qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani xabar qilindi. Bular sirasiga bloger Abduqodir Mo‘minov, jurnalist Xurishid Daliyev, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva, "O‘zbekneftgaz" kompaniyasi matbuot kotibi Siyovush Hoshimovni kiritish mumkin. Shuningdek, “Kompromatuzb” Telegram kanali ishi bo‘yicha ko‘plab jurnalist va blogerlar huquq-tartibot idoralariga so‘roqqa chaqirilayotgani haqida ma’lumotlar mavjud. 

Ayni vaqtda jamoatchilik orasida ko‘plab bahs-munozaralar va muhokamalarga sabab bo‘layotgan hamda so‘z va matbuot erkinligiga bosim sifatida ko‘rilayotgan “ushbu holatlarning “so‘z erkinligiga tahdid” deb talqin qilinishi haqiqatga mutlaqo zid”. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan berilgan bayonotda aytilgan. 

Bosh prokuraturaga ko‘ra, hozirgi kunda “Telegram” kanallari va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilgan jinoyatlarga aloqadorlik yuzasidan bir guruh fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Ma’lum qilinishicha, tergov jarayonlarida “ichkarida”gilar advokat bilan ta’minlangan hamda qonunchilikda belgilangan boshqa huquq va erkinliklari to‘liq ta’minlanmoqda.

Bosh prokuratura o‘z bayonotida e’tiborni ushbu jarayon haqida tegishli ma’lumotlar to‘liq berib borilayotganiga qaramay, ayrim shaxslar tomonidan jarayonni huquqiy makon doirasidan chiqarib, o‘z sub’ektiv talqini orqali ommani chalg‘ituvchi axborotlar tarqatishga urinishlar bo‘layotganiga qaratgan

Bosh prokuraturaning alohida urg‘ulashicha, ushbu holatlarning “so‘z erkinligiga tahdid” deb talqin qilinishi haqiqatga mutlaqo zid.

“Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan so‘z erkinligini ta’minlash borasidagi islohotlar davom ettirilishiga shak-shubha bo‘lishi mumkin emas. Prokuratura organlari fuqarolarning ushbu huquqlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirishda davom etadi”, deya ishontirilgan bayonotda.

Qat’iy ta’kidlanishicha, “so‘z erkinligi” kabi muhim qadriyatning o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida qurolga aylantirishga hech kimning haqqi yo‘q va bunga yo‘l qo‘yilmaydi. So‘z erkinligi boshqa shaxslarga nisbatan noqonuniy harakatlar amalga oshirish huquqini bermaydi.

“Mazkur jarayonda, ayrim shaxslar so‘z erkinligini niqob qilib olgan holda tovlamachilik bilan shug‘ullanishi jamiyatda fuqarolik jamiyati institutlariga ishonchning so‘nishiga, jurnalistika va blogerlar hamjamiyatining obro‘sizlanishiga olib kelishi mumkin”, deydi BP.

Bayonotda, shuningdek, har qanday sohada bo‘lgani kabi axborot sohasidagi qonunbuzilishlar uchun ham javobgarlik muqarrarligi ta’minlanishi muhimligi, jurnalistlik yoki blogerlik faoliyatini yuritish qonunlarni chetlab o‘tishga hech qachon asos bo‘la olmasligi eslatilgan. 

“Yuqoridagi huquqbuzarliklar bo‘yicha vaziyatdan ko‘rinib turibdiki, axborot maydonida tuhmat, haqorat, yolg‘on axborotni tarqatish kabi jinoyatlarga qarshi kurash bugun paydo bo‘lib qolmagan, balki so‘z erkinligini ta’minlash bilan barobar ravishda muntazam kechayotgan jarayondir. Chunki axborot sohasidagi transformatsiya o‘z navbatida bu yo‘nalishda ham qonuniylikni ta’minlashni taqozo qiladi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, prokuratura organlari barcha jinoyat ishlarida bo‘lgani kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilgan jinoyatlar bo‘yicha ishda ham qonun ustuvorligini to‘liq ta’minlash, ishning to‘g‘ri va adolatli hal etilishi uchun barcha nazorat funksiyalarini amalga oshiradi. Har bir gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchiga ayblovdan himoyalanish uchun qonunda nazarda tutilgan barcha vosita va usullardan foydalanish imkoniyati beriladi.

“Telegram” kanallari va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilgan jinoyatlar bo‘yicha ish mohiyatini buzib ko‘rsatish, yolg‘on axborot tarqatishga bo‘lgan urinishlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Odil sudlovni amalga oshirishda to‘sqinlik qilish, sud va tergov jarayoniga aralashishga bo‘lgan urinishlarga qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi”, deyiladi bayonotda.

Xulosada Bosh prokuratura ommaviy axborot vositalari, shu jumladan blogerlar bilan hamkorlikka doimo tayyor ekanligini bildirgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing