BP tadbirkor prokuraturani tuxmatchilikda ayblagan videoga izoh berdi
Jamiyat
−
08 Sentabr 2020
6395Joriy yilning 5 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Yangiyo‘llik tadbirkor B.Q.ning prokuraturadan noroziligi aks etgan videomurojaati tarqaldi. Videoda fuqaro prokuraturani tuxmat qilishda ayblab, biznesi aslida deputat Rasul Kusherboyevga tegishli ekani haqidagi iddaolarni rad etgan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mazkur videoga munosabat bildirib, bu murojaat qayta tarqatilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bundan avvalroq Bosh prokuratura tomonidan ayni shu turdagi, biroq bir muddat oldin qilingan arznoma yuzasidan batafsil o‘rganish ishlari o‘tkazilgan.
Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Yangiyo‘l tumanidagi “Qo‘sh-yog‘och oltin fayz baliqlari” MCHJga ajratilgan baliqchilik havzasidan qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy olib chiqib ketish holati yuzasidan o‘tkazilgan tekshirish hujjatlari asosida joriy yil 24 yanvarda JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Yangiyo‘l tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov o‘tkazilgan.
Tergov davomida ushbu jamiyat rahbari J.Z. akasi B.Q. bilan jinoiy til biriktirib, baliqchilik faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan 11,8 gektar yer maydonidan 600 mln. so‘mlik 57,2 ming kub.metr qum-shag‘al aralashmasini qazib olib, tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasa-da, qonunga zid ravishda sotib yuborib, talon-toroj qilganligi, bu orqali davlatga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganligi aniqlangan.
Shu sababli J.Z.ga JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, ishning unga nisbatan qismi 4 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudiga yuborilgan.
Ayblanuvchi B.Q.ga esa, tergovdan yashiringanligi sababli qidiruv e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, jinoyat ishi Bosh prokuraturada o‘rganilganda ish bo‘yicha deputat Rasul Kusherboyevga oid biron-bir masala muhokama qilinmaganligi, unga aloqador ma’lumot to‘planmaganligi yoki u bilan bog‘liq tergov harakatlari o‘tkazilmaganligi bayon qilingan.
“Bosh prokuratura xodimlari tomonidan J.Z. bilan xolis o‘tkazilgan suhbat davomida u tergovda undan Rasul Kusherboyev haqida hech qanday ma’lumot so‘rab-surishtirilmaganligini, u haqida savol berilmaganligini, unga qarshi ko‘rsatma berish talabi bilan tazyiq o‘tkazilmaganligini bildirgan”, deyiladi xabarda.
Rasul Kusherboyev bilan Bosh prokuraturada o‘tkazilgan suhbatda bayon etilgan har bir ma’lumot markaziy mahkamaning o‘zida ishga aloqador shaxslarni jalb qilgan holda, tegishli hujjatlarni ko‘zdan kechirish yo‘li bilan to‘liq tekshirilgan.
LiveBarchasi