Bozumbayev Markaziy Osiyo davlatlarini suvni adolatli taqsimlashga chaqirdi
Olam
−
15 avgust 5071 2 daqiqa
Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari Qanat Bozumbayev Markaziy Osiyo davlatlarini iqlim bilan bog‘liq muammolar mavjud sharoitda suvni adolatli taqsimlashga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 14 avgust kuni Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining (DSXMK) 90-yubiley yig‘ilishida so‘z ochdi.
Bozumbayevning aytishicha, joriy vegetatsiya davri juda tarang sharoitda o‘tmoqda. Yaqin yillarda kutilayotgan iqlim sharoitining yomonlashuvi va suv tanqisligi Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelishuvlarga qat’iy rioya qilgan holda muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab qiladi.
U Sirdaryo daryosidagi Qozog‘istonning Turkiston viloyatida joylashgan “Chordara” suv ombori hajmi ko‘p yillik o‘rtacha ko‘rsatkichlardan pastlaganini, bu esa quyi oqim hududlarida suv ta’minoti uchun real xavf tug‘dirayotganini bildirgan. Bozumbayevga ko‘ra, DSXMK doirasida qabul qilingan qarorlar to‘liq bajarilmayapti, bu esa suv rejimini tartibga solishda jiddiy muammolar keltirib chiqarmoqda.
“Zamon bizdan tezkorlikni talab qilmoqda. Nafaqat muhokama qilish va rejalashtirish, balki aniq choralar ko‘rish lozim. Ishonchim komilki, bizning hamkorligimiz ishonch va o‘zaro tushunish ruhida rivojlanadi, hamkorlikdagi ish esa mamlakatlarimiz va butun mintaqa uchun sezilarli natijalar beradi”, deydi Bozumbayev.
Yig‘ilishda Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi suv omborlarining qishloq xo‘jaligi mavsumidagi ishlash rejimli, shuningdek, Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasi (XOQJ) asoschi davlatlari rahbarlari tomonidan belgilangan chora-tadbirlar muhokama qilingan.
Shuningdek, yig‘ilish doirasida O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘iston suv-energetika idoralari delegatsiyalari uch tomonlama uchrashuv o‘tkazgan. Unda tasdiqlangan limitlar va suv omborlarining ish rejimi hamda kelgusi vegetatsiya davriga tayyorgarlik bo‘yicha rejalar muhokama qilingan.
Ma’lumot uchun, DSXMKning keyingi, 91-yig‘ilishi joriy yilning kuzida Turkmanistonda bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘iston vakillari Tojikistonning Guliston shahrida uchrashib, Sirdaryo havzasidagi suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalarini muhokama qilgandi.
Live
Barchasi