Ilma-teshik bo‘lgan Ichan qal’a devorlari yoxud turizmga e’tibor shumi?
Tahlil
−
16 Sentabr 2019
9760QALAMPIR.UZ Xivada ajdodlarimiz tomonidan bunyod etilgan me’moriy obidalarni ko‘zdan kechirar ekan, sayyohlar qadami uzilmaydigan bu ko‘hna shahardagi yechimini kutayotgan ayrim muammolarni e’tibordan chetda qoldirmadi. Chunonchi, bugun Xivada tur operatorlarining yetishmasligi, borlari ham respublikaning boshqa hududlaridan ekani, sayyohlar oqimining ko‘payishiga , shaharga tur operatorlari suv va havodek zarur.
QALAMPIR.UZ Ichan qal’a majmuasining karvonsaroy qismidagi hududni ko‘zdan kechirar ekan, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan katta maydondagi harobaliklarni ko‘rib, dili xira bo‘ldi. Mahalliy aholiga ko‘ra, bu tashlandiq hududda bundan 2-3 yil oldin bozor bo‘lgan. Ikki qavatli savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari bundan atiga bir necha yil ilgari katta mablag‘ evaziga zamonaviy uslubda qayta qurilgan. Ko‘p o‘tmay “snos”ga tushib, “chalajon” holga keltirildi. Bozorning buzilishi oldida qadimiy karvonsaroydan hunarmand va savdogarlarning chiqarib yuborilishi esa dard ustiga chipqondek bo‘ldi.
Sayyohlarga turli buyumlarni sotish orqali kun kechirayotgan yuzlab savdogarlar bozor hamda karvonsaroydagi savdo rastalaridan mosuvo bo‘lgach, qal’a ichkarisidan najot topdi.
Bu najot o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Har bir g‘ishti xorijliklarning hayratiga sazovor bo‘layotgan yodgorliklar oldiga mix qoqilib, uzun iplar tortildi. “Ota darvoza”dan boshlangan savdogarlar karvoni qal’a tashqarisiga dovur davom etadi. Mahalliy yoki xorijlik sayyohning qal’adagi ilk nigohi tarixiy obidalarga emas, keling, nima berayin deydigan savdogarlarga tushadi. Shu bois Ichan qal’a ichidagi savdogarlarni qal’adan chiqarib, ular uchun alohida bozor qurish hamda karvonsaroyni joyiga qaytarish nihoyatda zarur.
Nafsilambilarimni aytganda, savdo orqali tirikchilik qilayotgan tadbirkorlarga sharoit yaratilishi shart. Faqat qal’a ichida emas.
Safar davomida Ichan qal’adagi tarixiy obidalarning aksariyati ta’mirlanayotganiga guvoh bo‘ldik. Biroq bu ishlarni sohaning haqiqiy egasi bo‘lgan restavratorlar ta’mirlayaptimikan, degan o‘y ham hayoldan o‘tdi.
Xivada tarixiy obidalarni ta’mirlash ustaxonasini tiklash, shu yo‘nalishda ishlagan mutaxasislarni ishga qayta jalb qilish, yangi avlod ta’mirshunoslar maktabi tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Yana bir jihat, muzey-qo‘riqxonada tarixiy yodgorliklarni saqlash bo‘limi qayta tashkil qilinib o‘z faoliyatini davom ettirishi kerak.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Davlat rahbarining 2018 yil 19 dekabrda imzolangan “Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros departamenti hamda uning hududiy boshqarmalari tashkil etilgan.
O‘ylaymizki, departament alohida muhofaza qilinadigan jahon madaniy merosi ob’ektlari jumlasiga kiritilgan Xivadagi Ichan qal’a muzey-qo‘riqxonasi va ko‘hna shaharning tarixiy hududlarda tabiiy landshaft va o‘ziga xoslikni saqlab qolish borasida tayinli ishlarni qiladi.
Har holda Ichan qal’a tashqarisidagi bozorni tiklash va karvonsaroyni hunarmandlarga topshirish o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydigan muammolardani biri hisoblanadi.
QALAMPIR.UZ voqealar rivojini kuzatadi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15