Boysundagi bozorda yirik yong‘in yuz berdi
Jamiyat
−
05 fevral 2020
7164Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi “Ibodullo bobo” kichik xususiy korxonasiga qarashli savdo kompleksida yong‘in yuz berdi. Natijada 253 ta savdo do‘konining 36 tasiga zarar yetdi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Bugun, 5 fevral kuni soat 03:00 larda “Tuzbozor” mahallasi hududidagi, mahalliy tilda “Chabella bozori” deb ataluvchi savdo kompleksida yong‘in sodir bo‘lgan.
Yong‘in haqida xabar soat 03:00 da tushgan va yong‘in joyiga soat 03:07 da birinchi yong‘in o‘chirish bo‘linmalari yetib borgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 03:37 da o‘rab olinib, 03:55 da o‘chirilgan.
Jami 253 ta savdo do‘konining 217 tasi — umumiy 1 867 kv m maydonning 1267 kv m qismi yong‘indan saqlab qolingan.
36 ta savdo do‘koni, umumiy maydonning 600 kv m qismi yong‘indan zarar ko‘rgan. Hozirda yong‘in sababi aniqlanmoqda. Tan jarohati olganlar yo‘q. Ta’kidlanishicha, qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etiladi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ham ayni shu yong‘in haqida ma’lumot bergan. Ammo unda savdo kompleksidagi 51 ta savdo rastalari va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalariga jiddiy zarar yetgani aytilgan.