Boyniki sho‘xlik, kambag‘alniki jinoyat. Maxsus komissiya restoranlar haqidagi qarorini kimga atab chiqargan?
Tahlil
−
08 avgust 2021
20461O‘zbekiston Respublikasiga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining joriy yil 17 iyuldagi qarori bilan 20 iyuldan boshlab, umumiy ovqatlanish ob’ektlari – restoran, kafe, oshxona va choyxonalarni soat 8:00 dan 20:00 gacha faqatgina ochiq havoda ishlashiga ruxsat berildi. Bu ham yetmagandek, yetkazib berish xizmati ham 23:00 gacha ishlashi mumkinligi belgilandi.
Komissiyaning navbatdagi g‘alati qarori jamoatchilikning muhokamasi va e’tiroziga sabab bo‘ldi. Kun davomida ishxona, jamoat transporti va bozor va supermarketlarda yuqmagan koronavirus aynan soat 20:00 dan keyin restoran va kafelarda yuqadigandek tasavvur uyg‘ondi. Cheklovlar kuchga kirganda Tashkent city’da katta konsert o‘tkazilishi va u yerga minglab odamlarning tik oyoqda, o‘t zich shaklda to‘planishi e’tirozlarni yanada oshirdi.
Albatta, aksariyat kafe va restoranlar rahbarlari Respublika maxsus komissiyasining qaroriga bosh egdi. Ular 20:00 dan keyin eshiklarini yopdi. Biroq, komissiya va boshqa nazorat tashkilotlari barcha kafe va restoranlarda ushbu talabning bajarilishini ta’minlay oldimi? Albatta, yo‘q.
Maxsus komissiya o‘z qarorining ijrosini ta’minlay olmadi. Aksar yemakxonalar qarorga bo‘ysunib, o‘z ishini to‘xtatsa, poytaxtning qoq markazidagi ayrim bosh egmas kafe-restoranlar karantinni ham, Bosh vazir tasdiqlagan qarorni ham mensimasdan yarim kechasigacha ishlashda davom etmoqda.
QALAMPIR.UZ’ga kelib tushgan murojaatlar asosida jurnalist Feruza Najmiddinova poytaxtning qoq markazidagi “Tashkent City” hududida joylashgan yemakxonlarga borib, bu yerda kafe va restoranlar kech soat 22:00 gacha faoliyat yuritayotganiga va Maxsus komissiya qarori ishlamayotganiga guvoh bo‘ldi. Shuningdek, bizda Toshkent markazidagi “Crystal Garden”, “TOKU”, “Kuranti” restoranlari ham soat 20:00 dan keyin ishlayotgani haqida ma’lumotlar mavjud.
Saytimizda kafe va restoranlar haqida e’lon qilingan reportaj keng jamoatchilikda qator savol va e’tirozlar tug‘dirdi. Bungacha ham jamoatchilik vakillari Maxsus komissiya qarorining to‘g‘riligiga shubha bildirgandi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev oshxonalarning ishlamasligiga odamlarning ko‘chaga chiqishdan qaytarmayotganini, ular baribir ko‘chada ovqatlanayotganini ta’kidladi.
“Kechasi soat 20:00 dan keyin oshxonalarning ishlamasligi odamlarga noqulaylik tug‘dirayotgan ekan. Ishda kechgacha qoladiganlar bo‘ladi, oshxonaga kirasiz, narsa xarid qilasiz. U yerda qulay stol-stullar bor, lekin unda o‘tirib ovqatlanish mumkin emas. Ko‘chaga chiqib, yo‘lma-yo‘l, mashinasi borlar ulovida, boshqalar tik turib yo o‘tirib ovqatlanyapti. Ko‘zga juda ham xunuk ko‘rinadi, odamlar baribir ovqatlanyapti. Ichkarida stol-stul bor, lekin mumkin emas, kasallik tarqalib ketadi. Metro to‘la odam, avtobuslar g‘ij-g‘ij odam bilan yuribdi, bu o‘ylanmayapti. Har bir qilinayotgan ishda, cheklov qo‘yishda ham mantiq bo‘lishi kerak. Yo butunlay cheklash yoki ruxsat berish kerak. Bu yerda mantiq bo‘lmayapti-ku. Tadbirkorlar qancha soliq to‘laydi, hammasi qiynalyapti. Buni qayta ko‘rib chiqilsa, yaxshi bo‘lardi”, deydi Kusherboyev.
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov esa virus aynan soat 20:00 dan keyin kafe-restoranlarda aylanishini kulgiga olib, Komissiya qaroriga o‘ziga xos satirik munosabat bildirdi.
“Bilmaganlar bilib qo‘ysin! Koronavirus avtobusda emas, metroda emas, ishxonada emas, aynan restoranda soat 20:00 dan keyin paydo bo‘ladi. Soat 20:00 gacha u berkinib o‘tiradi. Yomon pismiq virus-da bu. Biladi-da hamma 20:00 dan keyin restoranga yopirilib borishini. Va aynan 20:00 dan keyin, e’tibor bering shu joyiga, a-a-aynan restoranga yoki kafega boradi. To‘yxonaga ham emas, ishxonaga ham emas, a-a-aynan restoran va kafega”, deydi Allamjonov.
U bu masalani jiddiy ko‘rib chiqish fursati kelganini ham qo‘shimcha qilgan.
Darhaqiqat, Prezident Shavkat Mirziyoyev koronavirus insoniyat bilan qolishini, pandemiya sharoitida yashashni o‘rganish muhimligini bot-bot takrorlayotgan bir vaqtda Respublikasi maxsus komissiyasi mantiqsiz qaror qabul qilib, kafe va restoranlarning ishlashiga cheklov qo‘ydi. Afsuski, Bosh vazir rahbarligidagi Komissiya Quyosh barchaga birdek nur sochgani kabi to‘g‘riligi shubha ostiga olingan qarorining barcha uchun tengligini ta’minlay olmadi.
Respublikasi maxsus komissiyasining restoranlarga doir qarori qabul qilingach, hech kim bu cheklovning virus tarqalishiga qanday ta’siri borligini tushuntirmadi, mas’ullar qaysi faraz va hisob-kitoblarga ko‘ra shunday cheklov o‘rnatilgani haqida lom-mim demadi. Aslida, tushuntiradigan narsaning o‘zi yo‘qdek. Virus yozning issig‘ida kunduzi berkinib o‘tirib, soat 20:00 dan keyin tarqalishni boshlashi haqidagi safsataga ishonuvchilar bo‘lsa, hozirgi vaziyat ularning fikri xato ekanini ko‘rsatdi. So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda kunlik koronavirus holatlari 800-900 atrofida bo‘lib turibdi.
Bundan ko‘rish mumkinki, Komissiya qarori avval boshdan xato bo‘lgan. Uning barchaga birdek tatbiq etilmagani, shahar markazidagi shohona yemakxonalarning hokimlik va qaror ijrosiga mas’ul bo‘lgan ichki ishlar, sanitariya-epidemiologik xavfsizlik xodimlari ko‘z o‘ngida “Nima ham qila olardilarning?” degandek, ishini davom ettirishi holatni yanada og‘irlashtirdi.
Koronavirus tarqalishi xavfli tus olgan ekan, Maxsus komissiya nega yemakxonalar ishini taqiqladi-yu har kuni minglab, balki millionlab odamlar foydalanadigan jamoat transportlariga teginmadi. Nega hamon transportda niqobsiz yurish mumkin, metrolarda oraliq masofani saqlash amalda mumkin emas. Eng “pik” vaqtda ham metro stansiyalaridagi eskalatorlarning zaxiradagisi ko‘p hollarda ishlatilmaydi. Bunday vaziyatda virus tarqalishi o‘ta tabiiy holat. Kafe-restorlarning tuni bilan ishlashi ham virus tarqalishida jamoat transportichalik “beminnat” xizmat qilmasa kerak.
QALAMPIR.UZ tahririyati hech bir tadbirkor faoliyatiga to‘siq bo‘lish tarafdori emas. Ammo Maxsus komissiya qarori barchaga birdek tatbiq etilmas ekan, kafe-restoranlarni yopish qaroridan yo voz kechish, yo uni hamma uchun joriy etish kerak. Aks holda odamlar davlatning kuchiga, adolatiga ishonmay qo‘yadi. Qolaversa, bunday tengsizlik, 2020 yilda o‘rnatilgan qat’iy karantin cheklovlari oqibatida shundoq ham holdan toygan restoratorlarga nisbatan nohaqlikdir.
LiveBarchasi