Boshlanishiga yomon emas – deputat “Mendirman Jaloliddin” seriali haqida

Madaniyat-san’at

image

Kecha, 14 fevral kuni "Milliy" telekanalida premerasi uzoq kutilgan “Mendirman Jaloliddin” tarixiy serialining namoyishi boshlandi. Serial o‘zbek va turk kinoijodkorlari tomonidan suratga olindi.

Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva rahbarligida amalga oshirildi.

Ilk qismi ekran yuzini ko‘rgan serial bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalar boshlangan. Serial borasida turli fikrlar bildirilyapti. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ham “Mendirman Jaloliddin”ning birinchi qismidan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Bugun ilk qismi Milliy Tvda prem’erasi bo‘lib o‘tgan “Mendirman Jaloliddin” serialini ko‘rdim. Ochig‘ini aytsam, serial namoyishi oldi yangragan shuncha reklama, targ‘ibot va gap-so‘zlarga qaramay, negadir unga uncha qiziqmagandim. Lekin serialni ko‘rgach, fikrim o‘zgardi, serial menga yoqdi.

Birinchidan, kino bizning boy o‘tmishimiz, har qancha maqtansa arzigulik tariximiz va qahramonlarimiz borligini nafaqat o‘z xalqimizga, balki boshqalarga ham yana bir bor ko‘rsatish imkonini beribdi. Garchi serialdagi ko‘p voqealar badiiy to‘qimalarga asoslangan bo‘lsa ham, yoshlarimiz va ommani tariximizni, milliy qahramonlarimizni qaytadan kashf qilishga hamda shu bahona tariximizni yahshiroq o‘rganishga undashi aniq. 

Ikkinchidan, serialdagi voqealar yakuni, ya’ni Xorazmshohlar qismati, ulkan armiya, katta boylik va yuqori sivilizatsiyaga ega bo‘lishiga qaramay, mamlakatni Chingizxon boshchiligida ko‘chmanchilar armiyasi tomonidan bosib olinib, vayron etilishi bizga tariximizdagi "qora kunlar"dan, xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarishga chaqiradi.

Uchinchidan, bu kabi seriallar orqali biz ona yurtimiz tuproqlarida tug‘ilgan buyuk ulamoyu-olimlar, sarkardalar, milliy qahrahmonlarga nafaqat o‘zimizda, balki jahon sahnasida ham ega chiqishga imkon beradi. Chunki bir xalqning, davlatning madaniyati, shonli tarixi va qadriyatlarini dunyoga tanitishda kinodadan yaxshi propaganda vositasi yo‘q (Usmonlilar Imperiyasi haqidagi turk seriallari yoki dunyo tarixining katta sahnasida hech qancha o‘rni bo‘lmagan Koreya imperatorlari haqida olingan seriallar natijasi bunga yorqin misol) Qolaversa, buni tezroq amalga oshirmasak, tariximizdagi buyuk shaxslarni bitta-bitta boshqa xalq/davlatlarga berib qo‘yamiz (Masalan, qozoqlar To‘marisni o‘z qahramonlariga aylantirib bo‘lishdi, Ibn Sinoni esa G‘arbda ko‘pchilik eronlik, Al-Xorazmiyni esa arab hisoblaydi)”, deydi Doniyor G‘aniyev.

Deputat filmda ishlatilgan musiqalar, aktyorlarning ijrosi borasida fikrlarini bildirib o‘tgan.

“Endi kinoni o‘ziga kelsak, menga eng yoqqani serialda ishlatilgan musiqalar bo‘ldi. Turkcha musiqalar ishlatishmabdi yaxshi. Aksincha, milliy cholg‘ularimizda ijro etilgan ajoyib, sehrli, tomoshabinni o‘ziga tortadigan ohanglar yaratilibdi.

Garchi bosh rolni turk aktyori o‘ynagan bo‘lsa ham (menimcha, rejissyor kastingda Jaloliddin obrazini ochib beradigan o‘zbek aktyorini topolmagan bo‘lsa kerak), o‘zbek aktyor va aktrisalari ham o‘z rollarini juda mahoratli ijro etishibdi (Javohir Zokirovga har doimgidek gap yo‘q). Qolaversa, serial bizning aktyorlarimizga, kino ijodkorlarimizga ham katta maktab bo‘lgani aniq. 

Ehtimol, serialni birinchi qismi asosan kirish, qahramonlarni tanishtirishdan iborat bo‘lgani uchunmi voqealar rivoji menga biroz sekin, zerikarlidek tuyuldi. Lekin, birinchi qism oxiridan xulosa qilinadigan bo‘lsa, keyingi qismlardan voqealar rivoji yanada jadallashib boradi. Ishonamanki, qiziq, adrenalin va intrigaga boy voqealar tomoshabinni serialni qoldirmay tomosha qilishga, kelgusi qismlari efirga chiqishini intizorlik bilan kutishga undaydi”, degan G‘aniyev.

U so‘zda davom etib, serial ma’qul kelganini, to‘liq baho va xulosa esa kelgusi qismlarni ko‘rgandan keyin aytilishini ta’kidlagan. 

“Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham, serial yaratilishida bosh bo‘lganlarga, loyihada ishtirok etganlarga va homiylarga rahmat.

Jaloliddindan keyin Temur bobomiz hayoti va saltanati haqida ham shunday muhtasham, sifatli serial/kino olishlarini kutib qolamiz”, deya so‘zini yakunlagan Doniyor G‘aniyev.

Eslatib o‘tamiz, “Mendirman Jaloliddin” seriali taqdimot marosimi o‘tgan yilning 3 oktyabrida bo‘lib o‘tgandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva rahbarligida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha taqdimot marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, madaniyat va san’at sohasi xodimlari ishtirok etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Mendirman Jaloliddin

Baholaganlar

279

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing