Jaloliddin rolini nega o‘zbek aktyori ijro etmadi? Muhim savollarga to‘liq javoblar (taqdimotdan videoreportaj)
Madaniyat-san’at
−
05 Oktabr 2020
46010Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 3 oktyabr kuni “Tashkent city” Kongress-xolida o‘zbek va turk kinoijodkorlari tomonidan suratga olinayotgan “Mendirman Jaloliddin” serialining birinchi qismi taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva turmush o‘rtog‘i Oybek Tursunov, Prezidentning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyeva turmush o‘rtog‘i Otabek Umarov bilan ishtirok etdi.
Marosimda O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyev, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayya Er va “Orient Finans Bank”boshqaruv kengashi raisi Bobur Parpiyev nutq so‘zladi.
Mazkur film turkiyalik prodyuser Mehmet Bo‘zdog‘ boshchiligidagi “Bo‘zdog‘ film” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan bo‘lib, loyiha Saida Mirziyoyeva rahbarligida amalga oshirilgan.
Filmda bosh rollarni Emre Kiviljim, Gulenay Kalkan, Saida Rametova, Tohir Saidov, Javohir Zokirov, Ra’no Shodiyeva, Rayhon Ulasenova, Yulduz Rajabova, Feruza Normatova, Jahongir Abdumalikov, Akmal Mirzo, Alisher Uzoqov, Akbarxo‘ja Rasulov ijro etgan.
“Istanbuldagi ishlarimiz juda ham tig‘iz. Serialimizning suratga olinmagan yana ikki qismi qoldi. Aytganimdek, ishlar juda tig‘iz, ammo juda maroqli. Pandemiya sabab suratga olish ishlari uzoq davom etdi. Kasallik bois ikki yarim oy tasvirga ololmadik. Dekoratsiyalar va kostyumlarni tayyorlash ham ancha vaqt talab etdi. Ular asli bilan mos bo‘lishi ham ancha vaqt oldi. Kostyum, dekoratsiya va ssenariy tarafidan natijalar juda zo‘r bo‘ldi. Ko‘ramiz, tomoshabinlar bizning ijromizdan mamnun bo‘ladimi yo yo‘q.
Bu O‘zbekiston va Turkiya hamkorligidagi loyiha. Bugungacha o‘zbekistonlik aktyorlar bilan Xorazmshohlar tarixini ekranda namoyon eta olmagan edik. Bu tarix bilan bog‘liq asarlar ham ko‘p emas. Bu o‘sha davrlardagi tarix va Xorazmning ko‘rsatilishi jihatidan juda muhim loyiha.
Voqealar 1200 yillarni o‘z ichiga qamrab oladi. Men unda Turkon Xotun rolini ijro etmoqdaman. U turk dunyosi homiysi sifatida ko‘rsatiladi. U juda muhim ayol obrazi. Agar men bu rolni Turkon Xotunning nomiga munosib ijro etsam, bundan baxtiyor bo‘laman. U davlati uchun xizmat qilgan ayol. U Qipchoq urug‘idan va o‘z sulolasini davom ettirishga harakat qiladi. Shu bois uning Jaloliddin bilan qarama-qarshiliklari bor. Chunki Jaloliddin Qipchoq urug‘idan bo‘lmagan kelin tanlaydi. Turkon Xotun esa buni istamaydi. Bularning barchasiga sabab – o‘z urug‘i, Xorazmshohlar sulolasini davom ettirish.
Ra’no va Rayhon mening ikki kelinim obrazini yaratdilar. Chingizxon rolini ijro etgan o‘zbekistonlik aktyor bilan birgalikdagi sahnalarimiz yo‘q. Ra’no va Rayhonning o‘g‘illarini o‘ynayotgan o‘zbekistonlik aktyorlar ham juda yaxshi ijrochilar. Bizlar bir-birimizni to‘ldirib turdik. Ular turk tilini o‘rgandilar. Turkchada his-tuyg‘ularini ifoda eta oldilar. Afsuski, men o‘zbekchani o‘rgana olmadim. Lekin o‘rganishni istadim. Biz shu qadar tig‘iz ishlaymizki, bunga vaqt qolmayapti. Ular pandemiya sababli Turkiyada qolib ketganlari uchun turk tilini qunt bilan o‘rgana oldilar. Ammo, bizda bunday imkoniyat yo‘q edi. Biz ham sekin-sekin o‘zbek tilini o‘rganamiz”, deydi Turkon Xotun obrazi ijrochisi Gulenay Kalkan.
Serialda Jaloliddin Manguberdi obrazini turkiyalik aktyor Emre Kiviljim yaratmoqda. 32 yashar aktyor bundan avval “Turklar kelyapti” nomli tarixiy serialda ham suratga tushgan. Umuman olganda, uning tarixiy seriallar borasida yetarlicha tajribasi bor.
“8 oyga yaqin vaqt davomida ushbu loyiha uchun tayyorgarlik ko‘rdik. O‘zbekistondan tarixchi olim Boboxon Sharipov ham Turkiyaga keldilar. Ular bilan ham ishlash imkoniyatimiz bo‘ldi. Bu orada Jaloliddin haqida juda ko‘p kitoblar o‘qidik. Bilasiz, tarix kitoblarida to‘liq ma’lumot berilmaydi. Bir voqeadan boshlaydi va boshqa voqea bilan tugatadi. Jaloliddin haqida manbalar ko‘p emas, ular orasida ham muhimlari juda kam. Lekin o‘qiganlaringdan xulosa qila olasan. Masalan, bir o‘zi qolib ketganidan keyin yana davlat qurishi uning dunyoda yagona bo‘lishiga olib keladi. Shulardan xulosalar qildik. Jasorati, adolati, Islom uchun mujodalasi bo‘lsin dedik. Uning hayotini ekranda joylantirish ikki musulmon diyor sifatida biz uchun juda muhim.
Bundan avval 1450 yillarni o‘zida aks ettirgan “Turklar kelyapti” filmi ustida ishladik. Men Jaloliddingacha hayajonimni biroz o‘sha filmda qoldirib kelgandim. Hayajonim hozir ham bor. Keyingi loyihada ham hayajonim bo‘ladi. Qo‘rquv va hayajon bo‘lmasa, ishimizdan ma’no qolmaydi. Bu bizning tirikligimizni ifodasi. Bu safar bir diyorga, bir millatga asar taqdim etyapmiz. Buning javobgarligi juda boshqacha. Ayniqsa, Jaloliddin kabi qahramonni jonlantirishimning javobgarligi juda og‘ir.
Jaloliddin roli ijrochisi nega o‘zbek emas? Bu savolga shunday javob beraman. Jaloliddin turk. Bizning naslimiz bir, biz bir millatmiz. Bu yer mening otayurtim. Otayurtimdaki qahramonni rolini ijro etish mening ham haqqim. Bu yerdagilarning ham haqqi. Shuning uchun ham biz aktyorlar orasida sen yo men degan narsa yo‘q. Biz bor”, deydi Emre.
Serial 2021 yilning yanvar oyidan boshlab efirga uzatilishi kutilmoqda.
To‘liq videoreportajni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi