Saida Mirziyoyeva “Mendirman Jaloliddin” seriali qanday yaratilganini aytib berdi (fotoreportaj)

Madaniyat-san’at

4

Avval xabar barganimizdek, bugun, 3 oktyabr kuni Tashkent city Kongress-xolida o‘zbek va turk kinoijodkorlari tomonidan suratga olinayotgan “Mendirman Jaloliddin” serialining birinchi qismi taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva turmush o‘rtog‘i Oybek Tursunov, Prezidentning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyeva turmush o‘rtog‘i Otabek Umarov bilan ishtirok etdi. 

Marosimda O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyev, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayya Er va “Orient Finans Bank”boshqaruv kengashi raisi Bobur Parpiyev nutq so‘zladi.

Mazkur film turkiyalik prodyuser Mehmet Bo‘zdog‘ boshchiligidagi “Bo‘zdog‘ film” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan bo‘lib, loyiha Saida Mirziyoyeva rahbarligida amalga oshirilgan. 

Filmda bosh rollarni Emre Kiviljim, Gulenay Kalkan, Saida Rametova, Tohir Saidov, Javohir Zokirov, Ra’no Shodiyeva, Rayhon Ulasenova, Yulduz Rajabova, Feruza Normatova, Jahongir Abdumalikov, Akmal Mirzo, Alisher Uzoqov, Akbarxo‘ja Rasulov ijro etgan.

Taqdimot  marosimida nutq so‘zlagan Saida Mirziyoyeva bu kabi loyihani amalga oshirishni bir necha yillardan buyon orzu qilganini, bunda esa Samarqand shahri bilan bog‘liq xotiralari alohida o‘rin tutishini ta’kidladi. 

“Dadam Samarqand viloyatining xokimi lavozimiga tayinlanib, biz Jizzaxdan Samarkandga ko‘chib kelganimizda, bu shaxar menda kanday taassurot qoldirganini juda yaxshi eslayman. Dadam ozgina bo‘sh vaqt topdilar deguncha, bizga Samarkandni ko‘rsatardilar, tarixiy obidalar bilan tanishtirardilar va buyuk tarixiy shaxslar xaqida so‘zlab berardilar. Bo‘sh vaqtimda tez-tez o‘sha qadimiy maskanlarni ziyorat kilib, buyuk qahramonlar hayotini o‘rganar edim. Shohi Zinda, Bibixonim, Registon maydonida yurar ekanman, xayolimda o‘sha tarixiy davrlarni tasavvur qilar edim. Go‘yo atrofimda bir necha asr oldingi hayot qaynayotgandek, sershovqin bozorlar, otlarning kishnashi va saroy sahnalari. Tasavvurimdagi o‘sha ajib voqealar xotiramda bir umrga muhrlanib kolgan. Va bir kun kelib imkoni bo‘lishi bilanoq, o‘tmishdagi buyuk tarixiy shaxslar xaqida biron film tayyorlanishiga o‘z hissamni ko‘shaman, degan niyat bo‘lar edi. Chunki faqat filmlar orqaligina o‘sha manzarani tasvirlab berish mumkin, deb o‘ylardim.  Bir so‘z bilan aytganda, mening tarixga bo‘lgan qiziqishim aynan Samarqanddan boshlangan. 

Yillar o‘tib, taqdir taqazosi bilan men O‘zbekiston imidjini xorijiy davlatlarda shakillantirish, matbuot va targ‘ibot ishlariga ma’sul bo‘lib faoliyat yuritishni boshladim. Va shu asnoda bundan bir yarim yil oldin hozirgi Madaniyat vazirimiz Ozodbek Nazarbekov, Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi serialini turk hamkasblari bilan suratga olish taklifini berdi. Albatta, biz bu g‘oyani qo‘llab-quvvatladik. Chunki o‘zingiz yaxshi bilasiz, afsuski, o‘zbek milliy kinochiligida tarixiy shaxslar, buyuk allomalarimiz hayotiga bag‘ishlangan seriallar deyarli yo‘q darajada.  Seriallar yaratilishi esa nafaqat tarixni o‘rganish, balki buyuk bobolarimiz hayoti bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Bunday seriallar har bir o‘zbek millati vakilida milliy g‘ururni shakllantiradi, o‘zbek xalqining qaddini yanada baland ko‘taradi. 

Jarayon boshlandi. Orient Finans bank bu loyihani to‘liq moliyalashtirishga rozi bo‘ldi. Turkiya ijodkorlari bilan hamkorlikda 30 gektarlik yerda suratga olish maydonlari yaratildi, Jaloliddin saroyi, jang maydonlari barpo etildi, o‘sha davrdagi milliy kiyimlarimiz, urf odat va an’analarimizning har bir detallariga alohida yondashuv bo‘ldi. O‘zbek va turk aktyorlari esa qilichbozlik, otta jang qilishdan tortib, to kunlik  jismoniy tayyorgarlikni ham o‘tadilar. 

Hammasi juda yaxshi ketayotgan edi, lekin birdaniga pandemiya balosi bizning ishga ham jiddiy zarar keltirdi. Karantin davrida suratga olish ishlari rejadan chiqib ketdi. Qanchadan qancha ijodkorlar Turkiyada yashab, o‘sha yerda sabr qilishiga to‘g‘ri keldi. Ochig‘ini aytaman, men bu loyihamiz bu yil yakunlanishiga shubha qila boshladim. Lekin Allohning qo‘llab-quvvatlashi, fidoyi ijodkorlarimizning sa’y-harakati bilan mana bugun taqdimot kunigacha ham yetib keldik. 

Bugun ushbu serialning birinchi qismini tomosha qilasiz. Albatta, bu serial turli bahs, munozara, balki tanqidlarga ham uchrar. Biz bunga tayyormiz. Biz fikrlar xilma-xilligini qo‘llab-quvvatlaymiz. Har bir fikrni hurmat qilamiz. Va nima bo‘lganida ham oldimizga qo‘ygan har bir rejamizni oxiriga yetkazamiz. Bu loyihani ham uddalay oldik, deb o‘ylayman”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Serial jami 13 qismdan iborat bo‘lib, u 2021 yilning yanvar oyida ekran yuzini ko‘radi.


Maqola muallifi

Teglar

Tashkent city Saida Mirziyoeva Mendirman Jaloliddin Kongress-xol

Baholaganlar

421

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing