Bosh vazirga videomurojaat yo‘llagan oqsoqol do‘pposlandi
Jamiyat
−
23 yanvar 2020
35720Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro O‘ktam Hamroyevning bir nechta fuqarolar tomonidan kaltaklangani va haqorat qilingani videosi tarqalmoqda. Videoda ayollar uni o‘ziga tegishli bo‘lgan davlat belgisi 30T 577 FA raqamli Spark rusumli mashinasi oldida kaltaklagan. Jarayon esa yuzi ko‘rinmagan “Botir” ismli shaxs tomonidan tasvirga olingan. Tasvirni suratga olayotgan shaxs oqsaqolni tinimsiz haqorat qilib, ayollarni uni do‘pposlashga chaqiradi.
Ma’lum bo‘lishicha, bir muddat avval O‘ktam Hamroyev o‘z mobil qurilmasi orqali O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovga videomurojaat yo‘llagan. U o‘z murojaatida Samarqand viloyati Kattarqo‘rg‘on shahrini kesib o‘tuvchi Narpay kanali bo‘yidagi bir uyum axlatlar muammosini ko‘tarib chiqqan.
“Kattaqo‘rg‘on shahrini kesib o‘tuvchi Narpay kanalining ahvolini qarang. Bir “vagon” katta ko‘prikning ostida axlat turibdi. Hayvonlarning o‘ligigacha bor. O‘zbekiston ravnaqi bayroq ostidagi axlatni qarang. Bu bir kunlik axlat emas. Yillar davomida yig‘ilgan”, deydi murojaatchi.
U shuningdek, bu muammoga befarq qarab kelayotgan Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Muzaffar Hoshimov, mazkur sektor rahbari – prokuror Shermat Jumayevni tanqid qilgan.
“Kattaqo‘rg‘on shahar hokimimiz va uni qo‘llab-quvvatlovchi rahbarlar bor. Unga hech kim gapirolmaydi. Qachonki, biz kabilar murojaat qilsa, jinoyatchiga aylantiradi. Ana shu hududning rahbari prokuror Shermat Jumayev bo‘ladi. Mana, katta magistral yo‘l o‘tgan ko‘prik ostidagi holat”, deya hudud rahbarlariga o‘z e’tirozlarini bildirgan oqsoqol.
Hozircha voqea aynan qayerda bo‘lgani va nima sababdan O‘ktam Hamroyev kaltaklangani haqida batafsil ma’lumotlar mavjud emas. Ichki ishlar vazirligi va boshqa tegishli idoralardan mazkur holat va videomurojaat bo‘yicha rasmiy izoh kutamiz.
LiveBarchasi