Bosh vazir zilzila sodir bo‘lgan hududlarga borib ko‘rdi
Olam
−
09:19 2247 2 daqiqa
Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi kuchli zilziladan jabrlangan Kumamoto prefekturasiga tashrif buyurdi. Hukumat tiklanish ishlarini davom ettirayotgan bir paytda, yuqori harorat va suv tanqisligi qutqaruv hamda tiklash ishlarini murakkablashtirmoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Takaichi harbiy vertolyot orqali zarar ko‘rgan hududlarni ko‘zdan kechirgan va yaxshi jihozlangan evakuatsiya markazlaridan biriga tashrif buyurgan. Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilar bu tashrif voqeiy sharoitni to‘liq aks ettirmaganini tanqid qilgan. Kumamoto gubernatori Takashi Kimura Bosh vazir bilan uchrashuvda so‘nggi kunlardagi “g‘ayrioddiy issiq”ni ta’kidlab, evakuatsiya markazlarida toza suv va tibbiy xizmatni yaxshilash uchun qo‘shimcha davlat yordamini so‘ragan.
Shu bilan birga, zilzila vaqtida qulab tushgan Aeon savdo markazida faoliyat yuritgan Habita kompaniyasi rahbariyati ikki xodimini kunlik tushumni seyfga joylashtirish uchun bino ichiga qaytishga ko‘rsatma berganini tan olgan. Keyinroq sodir bo‘lgan portlash oqibatida har 2 xodim halok bo‘lgan.
Kompaniya rahbarlari qurbonlardan biri – 22 yoshli Kurumi Otakening oilasidan uzr so‘ragan. Savdo markazi ma’muriyatining ma’lum qilishicha, portlash gaz sizib chiqishi sababli yuz bergan. Zilziladan keyin qariyb 3 ming nafar xaridor evakuatsiya qilingan bo‘lsa-da, ayrim xodimlar bino ichida qolgan. Qutqaruvchilar 5 nafar tirik insonni qutqargan, yana 7 kishining jasadini topgan.
Ma’lumot uchun, quvvati 7,1 magnitudali zilzila sodir bo‘lganiga qariyb bir hafta bo‘ldi. Qayd etilishicha, tabiiy ofat oqibatida 38 kishi halok bo‘lgan, ulardan biri issiq havoda mashina ichida boshpana qilgan vaqtda issiq urishi oqibatida vafot etgan.
Hozirda mahalliy aholi vayronalar, singan jihozlar va maishiy texnikalarni yig‘ish ishlarini davom ettirmoqda. Uki va Xikava shaharlarida vaqtinchalik turar joylar qurilishi boshlangan, ayrim mehmonxonalar esa evakuatsiya qilingan aholi uchun xonalarini taqdim etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hududda 46 mingdan ortiq xonadon hali ham ichimlik suvisiz qolmoqda, yoqilg‘i tanqisligi ham saqlanib turibdi. Mamlakat janubida havo harorati 40 darajagacha ko‘tarilgani issiq bilan bog‘liq kasalliklar xavfini kuchaytiryapti.
8,5 mingdan ortiq kishi hanuz maktab sport zallari, jamoat binolari va boshqa vaqtinchalik evakuatsiya markazlarida yashamoqda. Ularning ko‘pchiligida konditsioner yo‘q, ayrim odamlar esa avtomobillarda yoki uylari tashqarisida tunashga majbur bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur zilzila oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi