Bosh vazir o‘rinbosarlari Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifiga tayyorgarlikni muhokama qildilar

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga tashrifi kutilmoqda. Bu haqda avval xabar bergan edik. 

Kecha, 15 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqov va Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o‘rinbosari Aleksey Overchuk o‘rtasida kechgan uchrashuvda ham oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish masalasi muhokama qilingan. 

Qayd etilishicha, Rossiya Federatsiyasiga oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ikki mamlakat vazirliklari va idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha alohida kelishuvga erishilgan. 

Uchrashuvda oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida qo‘shma tadbirlarni jumladan, II Mintaqalararo hamkorlikning Forumi, XHYUK hududida O‘zbekiston Respublikasi Ko‘rgazma-madaniy markazining ochilishi, Moskvada “Made in Uzbekistan” Milliy ko‘rgazmasi, Ta’lim forumi va Mediaforum tashkil etilishining amaliy jihatlari muhokama qilingan. 

O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi va bu boradagi faol ikki tomonlama munosabatlarni davom ettirish yuzasidan konstruktiv fikr almashilgan.

Kelishilgan loyihalar va tashabbuslarni tezkor ravishda tatbiq etish va amalga oshirish jarayonini har oyda ko‘rib chiqish hamda O‘zbekiston va Rossiya ishbilarmon doiralarini investitsiyaviy sheriklikni oshirish imkoniyatlari va ikki tomonlama savdo hajmini ko‘paytirish mexanizmlari to‘g‘risida xabardor qilishga kelishib olingan.

Ular, shuningdek, mehnat migratsiyasini tizimlashtirishning amaliy mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqish va vatandosh-muhojirlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga va ularning Rossiya Federatsiyasida yashash va mehnat faoliyatini olib borish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan tartibga solingan tizimni joriy etish bo‘yicha kelgusida birgalikda ish olib borishning zarurligini ta’kidladilar.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon orqali muloqot qilib, Prezident Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi xususida gaplashgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Sardor Umurzoqov Aleksey Overchuk

Baholaganlar

80

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing