Bosh vazir Ahmadjonovni yana tanqid qildi
Sport
−
22 may 2019
22751Bugun Vazirlar Mahkamasida O‘zbekiston sportidagi mavjud muammolar, Tokio-2020 Olimpiadasiga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Xabaringiz bor, 15 may kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazilgan edi. O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov boshqargan o‘sha yig‘ilishda milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov o‘z lavozimidan ozod etilgandi.
Abdulla Aripov tanqidiy ruhda o‘tgan o‘sha yig‘ilish yakunida bir haftadan so‘ng federatsiya rahbarlari bilan Vazirlar Mahkamasida uchrashishini aytgandi. Bugun o‘sha belgilangan muddat yetib keldi va aytilgan manzilda MOQda boshlangan yig‘ilishning ikkinchi qismi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda asosan olimpiya oilasiga mansub sport federatsiyalari rahbarlari ishtirok etgan. Bosh vazir milliy olimpiya qo‘mitasi faoliyati, sportchilarimizning Tokio-2020 Olimpiadasi litsenziyalari yo‘lidagi kurashi va boshqa qator masalalarni keskin tanqid ostiga oldi.
Jumladan, Abdulla Nigmatovich Olimpiadaga bir yildan sal ko‘proq vaqt qolgan bir paytda bor yo‘g‘i ikkita litsenziya qo‘lga kiritilgani, bundan to‘rt yil avval xuddi shu vaqtda litsenziyalar soni 10 tadan oshiq bo‘lganini alohida urg‘uladi.
O‘z o‘rnida 17 ta istiqbolli olimpiya sport turlari federatsiyalari rahbarlari asosiy litsenzion turnirlar oldinda ekanligi, Tokio-2020 uchun kamida 100 ta litsenziya qo‘lga kiritilishini aytishdi.
Bir hafta avval MOQda o‘tgan yig‘ilishda qator federatsiya mutasaddilari milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan olib borilgan moliyalashtirish tizimidan norozi bo‘lishgandi.
Jumladan, O‘zbekiston Rowing & Canoe federatsiyasi nomidan so‘zga chiqqan Tatyana Mamatqulova yillik taqvimdan o‘rin olgan musobaqalar, xususan litsenzion turnirlarga aynan moliya tizimi masalasi sabab yuborilmaganidan noligan edi.
Bugungi yig‘ilishda Abdulla Aripov federatsiyalarni markazlashgan holda moliyalashtirish masalasi milliy olimpiya qo‘mitasi zimmasida qolishi, lekin bu jarayon jiddiy nazorat qilinishi, sportchilarning yillik taqvimga kiritilgan nufuzli musobaqalardagi ishtiroki ta’minlanishini aytdi.
Yig‘ilishda bosh vazir O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasining yangi rahbari Rustam Shoabdurahmonovga boshqaruv tizimi, kadrlar masalasini qayta ko‘rib chiqish vazifasini topshirdi.
Selektor yig‘ilishida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi faoliyatiga ham to‘xtalindi. Abdulla Aripov assotsiatsiya faoliyati qoniqarsiz holatda ekanligi, islohotlarga muhtojligini alohida ta’kidladi. Bu gaplardan ko‘rinib turibdiki, tez orada O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida ham keskin o‘zgarishlar ro‘y berishi mumkin.
LiveBarchasi