Bosh prokuror banklardagi uyushgan jinoiy guruhlar haqida ma’lumot berdi

Jamiyat

Avval xabar berganimizdek, ayni paytda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligida korrupsiya holatlari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Bosh prokuror bank tizimida uchrayotgan korrupsiya holatlariga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda Qalampir.uz muxbiri Feruza Najmiddinova xabar bermoqda.

Yig‘ilishda bank tizimida mablag‘larni talon - toroj qilish, bank xizmatlarini ko‘rsatish, ayniqsa, kredit ajratishdagi suiiste’molchilik holatlari tanqid ostiga olingan.

“O‘tgan ikki yil mobaynida banklarning 166 nafar mansabdor shaxs korrupsiyaviy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan.

Masalan, Xalq banki va Mikrokreditbankda boshqaruv raisi lavozimlarida ishlab kelgan E. o‘z mansabidan foydalanib, qator korrupsiyaviy jinoyatlarga qo‘l urgan.

Xususan, muqaddam qator jinoyatlarni sodir etib, AQSHda yashirinib yurgan X. bilan til biriktirib, Sirdaryo viloyatida 4 ta soxta firma tashkil qilgan. Bu firmalarni amalda boshqarish uchun 18 nafar shaxsdan iborat uyushgan guruh faoliyatini yo‘lga qo‘yishgan”, dedi Bosh prokuror.

Ma’lumotlarga ko‘ra, uyushgan guruh 2019 yil so‘nggi 9 oyida qariyb 732 mlrd. so‘mni qonunga xilof tarzda naqdlashtirib, 7 mlrd. so‘mga yaqin byudjet  mablag‘ini talon - toroj qilgan. 215 mlrd. so‘m turli plastik kartalarga moliyaviy yordam ko‘rinishida o‘tkazilib, 22,5 mln. dollar naqd pulga aylantirilib,  xorijga olib chiqib ketilgan. 

Uyushgan guruh rahnamolik qilgan firmalar 101 mlrd. so‘m soliq to‘lovlaridan ham bo‘yin tovlagan. 

“Bundan tashqari, E. Xalq banki boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlangach, bank binosi qurilishini olib borayotgan pudratchilarni o‘ziga tanish pudratchilarga almashtirib, ob’ekt qurilishida 5,5 mlrd. so‘mlik bank mablag‘ini talon - toroj qilgan.

“Mikrokreditbank”ka rahbar etib tayinlanganda esa, o‘z rahnamoligidagi firmalar orqali birgina xizmat kabineti uchun 100 mln. so‘mlik mebel jihozlarini 273 mln. so‘mga, bankning Sirdaryo filiali uchun 700 mln. so‘mlik binoni 4 mlrd. 700 mln. so‘mga sotib olib, mablag‘larni o‘margan”, dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Ma’lum qilinishicha, hozirda E. va uning jinoiy sheriklari qamoqqa olinib, sud oldida javob bermoqda.

Aholining iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash uchun turli ijtimoiy loyihalarga byudjet mablag‘lari muhtojlarga yetib bormasdan, ayrim bank mansabdor shaxslari tomonidan talon-toroj qilinayotganligi ko‘rsatib o‘tildi.

"Birgina “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida so‘nggi ikki yilda aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan 1,7 mlrd. so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari bank mansabdor shaxslari tomonidan talon - toroj qilingan", dedi Bosh prokuror.

Masalan, “Milliy bank”ning Shahrixon filiali rahbari R. va kassa mudiri D. 19 nafar fuqaro nomiga qalbaki hujjatlar tayyorlab, imtiyozli kredit mablag‘laridan 378 mln. so‘mini shaxsiy manfaatlari uchun o‘zlashtirib yuborgan.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya prokuratura

Baholaganlar

297

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing