Bosh prokuraturada korrupsion jinoyatga oid yig‘ilish o‘tkazildi
Jamiyat
−
07 noyabr 2019
4457O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida respublika huquqni muhofaza qiluvchi organlarining muvofiqlashtiruvchi kengashining hamda Oliy Majlisi Senatining prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi, Milliy gvardiya va Oliy sud vakillari, shuningdek, Oliy Majlis Senatining prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiya raisi va a’zolari ishtirok etdi.
Tadbirda korrupsiyaga oid jinoyat haqidagi xabarlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish, bu toifadagi jinoyat ishlari yuzasidan tergov va sud amaliyoti, yetkazilgan moddiy zararni undirilishi va sohadagi prokuror nazorati ahvoli muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiyaga oid jinoyat haqidagi ariza va xabarlarni ko‘rib chiqish va hal qilish orqali fuqarolar, davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, bu toifadagi ariza va xabarlarni hal etishda jinoyat-protsessual qonunchiligi talablariga rioya etilishini ta’minlash borasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, ayniqsa, tergov sifatini ta’minlash choralari ko‘rilmayotganligi keskin tanqid ostiga olindi.
Bunday salbiy holatlarning vujudga kelish sabab va shart-sharoitlariga alohida e’tibor qaratilib, ularning oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishi lozimligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar tomonidan jinoiy-huquqiy statistika sohasida yuritilgan hisobotlarning haqqoniyligi hamda bu boradagi prokuror nazorati ahvoli ko‘rib chiqildi.
Muhokama davomida “Jinoyatlarni, ularni sodir etgan shaxslarni, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar hamda sudning protsessual qarorlarini hisobga olish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnoma va “Elektron jinoiy-huquqiy statistika yagona axborot tizimini yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga to‘liq rioya qilinmaganligi tanqid qilindi hamda jinoiy-huquqiy statistika sohasidagi faoliyatni muntazam o‘rganib, ushbu yo‘nalishni nazoratga olish bo‘yicha aniq talablar qo‘yildi.
Yig‘ilishda viloyat prokuraturalari va ularga tenglashtirilgan prokuraturalar, ichki ishlar boshqarmalari va tegishli boshqa organlarning soha uchun mas’ul rahbarlarining axborotlari eshitildi.
Yig‘ilish yakunida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va muhokama qilingan sohalarda faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlar qabul qilindi.
LiveBarchasi