Bosh prokuratura xabar.uz nashrini mish-mish tarqatishda aybladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ayni kunlarda har qachongidan ham e’tibor markazida turibdi. Falon amaldor ishdan olinibdi, narigisi o‘z xonasida hibslanibdi, qabilidagi xabarlarga har kuni ko‘zingiz tushayotgan bo‘lishi tabiiy. Bu xabarlarning aksariyati o‘z isbotini topmayapti. Bosh prokuratura Matbuot xizmati esa OAV xodimlarini yolg‘on, tasdiqlanganmagan mish-mishlarni tarqatish, kimo‘zarlik uchun axborot maydonida nopok yo‘llardan foydalanishdan tiyilishga chaqirdi. Xususan, Bosh prokuraturaning rasmiy axborotida shunday deyiladi: 

“So‘nggi yillarda mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, jurnalistik faoliyat va jurnalistlarning o‘z xizmat vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish, ommaviy axborot vositalari orqali yurtimizda har bir jabhada kechayotgan o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlarni keng omma e’tiboriga birinchi manbadan yetkazish borasida katta ishlar qilindi. Ayni yo‘nalishda kamchiliklardan ko‘z yummaslik, ochiqlik hamda shaffoflikni ta’minlash, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”ligi g‘oyasining insonparvar va demokratik tamoyillarini hayotga to‘laqonli tatbiq etish borasida ham izchillik ko‘zga tashlanmoqdaki, buni hech kim inkor etolmaydi. 

Ammo oxirgi paytlarda axborot makonida yuz berayotgan boshboshdoqliklar, mamlakatimiz xalqaro imidjini jahon hamjamiyatida tushirishi muqarrar bo‘lgan xatti-harakatlar, oqibati o‘ylanmasdan hamda manbasi va aniqligi surishtirib ko‘rilmasdan yozilayotgan materiallaru hamda tarqatilayotgan xabarlarning tobora ko‘payayotgani ayrim veb-saytlarda ishlovchi ba’zi bir jurnalistlarning shov-shuv ortidan quvish va ma’lumotni kim birinchi bo‘lib tarqatishga intilishdek nomaqbul “poyga”ga berilib ketganini ko‘rsatmoqda.

Buni biz davlat mansabdorlarining lavozimdan olinib, lavozimga qo‘yilishi holatlarida, qaysidir hududda yuz bergan biron voqea yuzasidan tarqatilgan xabarlarda hamda shu kabi ko‘plab vaziyatlarda bot-bot kuzatdik. Eng achinarlisi, ayrim jurnalistlarning bunday hollarda aniq hamda haqqoniy ma’lumotni tarqatishga harakat qilmasligi, voqea yuzasidan chuqur tekshiruv va surishtiruv ishlarini olib bormasligi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xabarni tarqatgan birinchi manbaga havola qilgan holda, garchi sensatsion bo‘lsa-da, biroq tagi puch, joriy haqiqatga mos kelmaydigan axborotni tarqatib, o‘z saytining yoki bosma nashrining o‘quvchilari sonini oshirishga urinishlari kishini o‘ylantiradi, ranjitadi. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi hamda “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarida e’lon qilinayotgan har qanday axborotning to‘g‘riligi va haqqoniyligi uchun mas’uliyat hamda qonun oldida javobgarlik belgilangan.

Xususan, xabar.uz sayti va “Telegramm” ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy kanalida 13 mart kuni e’lon qilingan “MIB o‘zining “majburiy” maqomidan ayrilishi mumkin” maqolasi ana shunday mish-mishlarga yo‘l ochganini ta’kidlash lozim. “Prokuraturadagi o‘z manbasiga tayanib” ma’lumot tarqatayotgan mazkur saytning axborotning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini aniqlashtirish uchun Bosh prokuraturaning Matbuot xizmatiga murojaat qilmagani esa yanada ajablanarlidir. Nahotki har bir tashkilotning o‘zgarishlar, yangilanishlar, yutuqlar va kamchiliklar haqida birinchi manba sifatida rasmiy ma’lumot berishga haqli bo‘lgan matbuot, axborot xizmatlari, jamoatchilik bilan ishlash bo‘limlari borligini sayt mutasaddilari bilishmasa?! Axir bu xabarni Bosh prokuraturaning matbuot xizmati chuqur o‘rganib, tekshirib, asosli bo‘lsa, albatta, tasdiqlashi, navbatdagi feyk-xabar bo‘lsa, inkor etishi mumkin va kerak emasmidi?! Yoki kimligi noma’lum “manba” Matbuot xizmatidan ko‘ra ishonchliroqmi?!

Biz faoliyatimiz mobaynida shu paytga qadar xalqimizga tarqatish uchun ommaviy axborot vositalariga ishonchli, to‘g‘ri va haqqoniy xabarni yetkazishga harakat qilib kelyapmiz. Bundan keyin ham barcha OAV bilan xuddi shunday ishlashda davom etamiz.

Yuqorida nomi tilga olingan saytda chop etilgan maqolaga kelsak, unda bayon qilingan ma’lumotlar haqiqatga mutlaqo ziddir. Majburiy ijro byurosi o‘z ishini Prezidentimizning 2017 yil 29 mayda imzolangan PF-5059-sonli Farmonida belgilangan tartibda bajarmoqda va kelgusida Byuro faoliyatini, uning nomini va bevosita bo‘ysunuvchi yuqori tashkilotini o‘zgartirish yoki almashtirish ko‘zda tutilmayapti.

OAV vakillaridan iltimos qilib qolamizki, har qanday xabarni uzatishdan avval uning nechog‘li to‘g‘ri ekani, haqiqatga mosligi, navbatdagi axborot xuruji emasligiga diqqat qiling. Zarur bo‘lsa, qayta-qayta surishtiring, aniqlashtiring!

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Matbuot xizmati kelgusida ham sizlar bilan hamkorlikda ishlash, tug‘ilgan savollarga javob berish, ma’lumotlarni aniqlashtirishda yaqindan ko‘maklashishga hamisha tayyor”.
 


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura

Baholaganlar

53

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing