Bosh prokuratura Ortiqxo‘jayevning audioyozuvi bo‘yicha tekshiruvni yakunladi
Jamiyat
−
27 noyabr 2019
23484Xabaringiz bor, joriy yilning 16 noyabr kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarga nisbatan haqorat va tahdid qilgani aks etgan audioyozuv tarqalgan edi.
Ushbu audioyozuv asosida Bosh prokuratura tomonidan o‘rganish ishlari o‘tkazildi. Oradan 10 kun o‘tib, Bosh prokuratura o‘rganish ishlari bo‘yicha bayonot berdi. Unda shunday deyiladi:
“Joriy yilning 16 noyabr kuni Internet nashrlarida Toshkent shahar hokimi, senator Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli hamda haqorat, tahdid mazmunidagi audioyozuv tarqaldi.
Mazkur holat ommaviy axborot vositalari, blogerlar, siyosiy partiyalar, eng achinarlisi, ayrim xorijiy ekspertlar hamda xalqaro tashkilotlarning keskin tanqidiy muhokamalariga sabab bo‘ldi.
Bosh prokuratura tomonidan mazkur holatga huquqiy baho berish maqsadida JPKning 329-moddasiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 14 avgust kuni “Kun.uz” tahririyatiga “Xiva stroy” MCHJ rahbarining bajarilgan qurilish ishlari uchun buyurtmachidan pul undirishga oid murojaatini o‘rganish maqsadida mazkur tahririyat muxbiri Rahmatilla Isroilov va operatori Sh.Egamberdiyevlar Olmazor tuman hokimligiga borishgan.
Tuman hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov davlat xizmatchisi bo‘la turib, tegishli odob-axloq qoidalariga zid ravishda Rahmatilla Isroilovga tushuntirish berishdan bosh tortgan, ular bilan qo‘pol munosabatda bo‘lgan hamda operatorning videotasvirga olishiga qarshilik ko‘rsatgan.
Mazkur voqeaning ertasiga “Kun.uz” tahririyati ushbu videolavhani o‘z saytida e’lon qilgan va bu keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Shu kuni kechqurun Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning vaziyatni yumshatish va murosaga kelish to‘g‘risidagi topshirig‘iga asosan shahar hokimligining Axborot xizmati rahbari Lalixon Sobirova, tuman hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobovlar tahririyat vakillari Bahodir Ahmedov, Rahmatilla Isroilov va Sh.Egamberdiyevlar bilan shahar hokimligi binosida uchrashishgan.
Unda Abdurasul Vahobov nojo‘ya harakatlarga yo‘l qo‘yganligini tan olgan va tahririyat xodimlaridan uzr so‘ragan. Biroq, bu holat tahririyat xodimlarini qoniqtirmagan.
Uchrashuv yakun topgach, muloqot ishtirokchilari binoning yo‘lagida Jahongir Ortiqxo‘jayevga tasodifan duch kelishadi. Lalixon Sobirova Jahongir Ortiqxo‘jayevga bo‘lib o‘tgan suhbat haqida ma’lumot berib, “Kun.uz” xodimlari Abdurasul Vahobovning uzridan qanoatlanmaganligini bayon qilgan.
Shunda Jahongir Ortiqxo‘jayev ular bilan muloqotda muomala madaniyatidan chetga chiqqan holda, internet nashrlariga nisbatan o‘zining salbiy munosabatini ifodalab, go‘yoki ularni sharmandali vaziyatlarga tushirish imkoniyatiga egaligini, lekin u bunday tarbiyalanmaganligi va buni xohlamasligini bildirgan.
Ushbu jarayonni “Kun.uz” muxbiri Bahodir Ahmedov “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablariga zid ravishda, uchrashuv ishtirokchilarini ogohlantirmasdan telefoniga xufyona yozib olgan va tahririyatga taqdim etgan.
O‘z navbatida, tahririyat tomonidan noqonuniy yo‘l bilan olingan axborot yo‘q qilinmagan. Oqibatda 2019 yil 16 noyabrda hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevni obro‘sizlantirish maqsadida audioyozuvning nojo‘ya so‘zlardan iborat bir yarim daqiqalik qismi (uchrashuv ikki soat davom etgan) montaj qilinib, noma’lum shaxs tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan.
Bu holat o‘z navbatida ommaviy axborot vositalarida keng muhokama bo‘lishiga sabab bo‘lgan.
“Kun.uz” tahririyati o‘z aybini anglagan holda, haqiqiy holatni ma’lum qilish uchun audioyozuvning Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli qismini to‘liq e’lon qilgan.
Tergovoldi tekshiruvida aniqlanishicha, Jahongir Ortiqxo‘jayev davlat hokimiyati va boshqaruvi organi mansabdor shaxsi bo‘la turib, davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalariga rioya qilmasdan, haqoratli va qo‘pol so‘zlarni ishlatgan.
Biroq, uning nojo‘ya so‘zlari umumiy tarzda aytilgani, muayyan shaxsga qaratilmaganligi, real tahdid yo‘qligi bois, Jahongir Ortiqxo‘jayevning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emas.
Shu sababli JPKning 83-moddasi 2-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, “Kun.uz” tahririyati xodimlari Jahongir Ortiqxo‘jayevga nisbatan da’vo yoki e’tirozlari yo‘qligini bayon qilishdi.
Lekin Jahongir Ortiqxo‘jayev Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari”ni buzganligini inobatga olib, uning intizomiy javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish uchun Hukumatga murojaat qilindi.
Shuningdek, tahririyatning mazkur voqealardagi ishtiroki yuzasidan tegishli munosabat bildirish uchun vakolatli organ Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga xat yuborildi".