Bosh prokuratura “Kusherboyev ishi” natijalarini e’lon qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan gaplar, shuningdek Kusherboyevga huquq-tartibot organlari tomonidan yashirin tazyiq o‘tkazilayotgani bilan bog‘liq masalada tekshiruv o‘tkazib, natijalari e’lon qildi. Unda shunday deyiladi:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyevga siyosiy faolligi tufayli bosim o‘tkazilganligi haqida ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgan va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan xabarlar yuzasidan Bosh prokuraturada deputatning bevosita ishtirokida o‘rganish o‘tkazildi.

Rasul Kusherboyev bilan Bosh prokuraturada o‘tkazilgan suhbatda bayon etilgan har bir ma’lumot markaziy mahkamaning o‘zida ishga aloqador shaxslarni jalb qilgan holda, tegishli hujjatlarni ko‘zdan kechirish yo‘li bilan to‘liq tekshirildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, deputat Rasul Kusherboyevga prokuratura organlari tomonidan biron bosim yoki tazyiq o‘tkazilganligini tasdiqlovchi ob’ektiv dalillar aniqlanmadi.

Jumladan, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Yangiyo‘l tumanidagi “Qo‘sh-yog‘och oltin fayz baliqlari” MCHJga ajratilgan baliqchilik havzasidan qum shag‘al aralashmasini noqonuniy olib chiqib ketish holati yuzasidan o‘tkazilgan tekshirish hujjatlari chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga taqdim etilgan.

Mazkur hujjatlar asosida 24.01.2020 yilda JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Yangiyo‘l tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov o‘tkazilgan.

Tergov davomida ushbu jamiyat rahbari J.Z. akasi B.Q. bilan jinoiy til biriktirib, baliqchilik faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan 11,8 gektar yer maydonidan 600 mln so‘mlik 57,2 ming kub metr qum - shag‘al aralashmasini qazib olib, tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasada, qonunga zid ravishda sotib yuborib, talon-toroj qilganligi, bu orqali davlatga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganligi aniqlangan.

Shu sababli J.Z.ga JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, ishning unga nisbatan qismi 04.05.2020 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudiga yuborilgan.

Ayblanuvchi B.Q.ga esa, tergovdan yashiringanligi sababli qidiruv e’lon qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda, shu jumladan qidiruvda bo‘lgan B.Q. tomonidan Internet tarmog‘ida e’lon qilingan videomurojaatda ushbu jinoyat ishi tergovi davomida go‘yoki “Qo‘sh-yog‘och oltin fayz baliqlari” MCHJ deputat Rasul Kusherboyevga tegishli ekanligi haqida ko‘rsatmalar olishga urinish bo‘lganligi haqida uydirmadan iborat xabarlar tarqatilgan.

Jinoyat ishi Bosh prokuraturada o‘rganilganda, ish bo‘yicha deputat Rasul Kusherboyevga oid biron-bir masala muhokama qilinmaganligi, unga aloqador ma’lumot to‘planmaganligi yoki u bilan bog‘liq tergov harakatlari o‘tkazilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Bosh prokuratura xodimlari tomonidan J.Z. bilan xolis o‘tkazilgan suhbat davomida, u tergovda undan Rasul Kusherboyev haqida hech qanday ma’lumot so‘rab-surishtirilmaganligini, u haqida savol berilmaganligini, unga qarshi ko‘rsatma berish talabi bilan tazyiq o‘tkazilmaganligini bildirdi.

Bosh prokuratura ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan bu uydirmalarni aholi orasida obro‘ qozongan jamoatchilik vakillari nomidan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanib, tergov natijasiga ta’sir o‘tkazishga hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchsizlik uyg‘otishga qaratilgan urinish deb baholaydi.

Shuningdek, Rasul Kusherboyevning Bosh prokuraturada o‘tkazilgan suhbatda o‘ziga nisbatan bosim sifatida baholagan boshqa vajlari ham o‘zining ishtirokida to‘liq tekshirilib, unga, shu jumladan, faoliyati bilan bog‘liq ravishda ta’sir ko‘rsatish yoki bosim o‘tkazish holatlari aniqlanmadi.

Mazkur vajlar Rasul Kusherboyevning shaxsi va ishchanlik obro‘siga aloqadorligi tufayli tafsilotlari ochiqlanmasligi ma’lum qilinadi.

Deputat Rasul Kusherboyev Bosh prokuraturada o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bilan tanishtirildi.

Shu bilan birga, kelgusida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan uning siyosiy faoliyati bilan bog‘liq har qanday tazyiq yoki bosim o‘tkazilishining oldini olishga qaratilgan aniq choralar belgilandi. Jumladan, B.Q.ga nisbatan jinoyat ishi ustidan alohida nazorat o‘rnatildi.

Zero, Rasul Kusherboyev jonkuyar va tashabbuskor deputat sifatida faoliyat olib bormoqda. U bilan prokuratura organlari o‘rtasida doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Bosh prokuratura yurtimiz, xalqimiz hayoti va taqdiri bilan bog‘liq voqeliklarga befarq bo‘lmagan, fikr va takliflari bilan o‘zining faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etayotgan, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda munosib hissa qo‘shayotgan jamoatchilik vakillarini qo‘llab-quvvatlaydi va o‘zaro hamkorlikdan manfaatdorligini ma’lum qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston

Baholaganlar

1161

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing