Bosh prokuratura Andijondagi deputat masalasiga oydinlik kiritdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 17 may kuni halq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida deputat Sh.K.ni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasini ko‘rib chiqishda, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan ayrim deputatlarni tintuv qilayotganligi holati aks etilgan fotosuratlar tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi deputatning prokuror taqdimnomasiga ko‘ra daxlsizlik huquqidan mahrum qilingani yuzasidan rasmiy bayonot berdi

Bosh prokuratura holatga oydinlik kiritish maqsadida ayrim ma’lumotlarni jamoatchilik e’tiboriga havola etgan.

Xususan, Andijon shahar prokuraturasi tomonidan joriy yilning 3 mart kuni “Alliance R.C.” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 228 va 229-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov tegishliligi bo‘yicha Andijon shahar IIO Tergov bo‘limiga yuborilgan.

Aniqlanishicha, “Alliance R.C.” MCHJga Andijon shahar hokimining 2017 yil 15 iyuldagi qarori bilan Andijon shahar Bo‘ston dahasi U.Yusupov ko‘chasida joylashgan 4 gektar yer maydoni ko‘p qavatli aholi turar joy binolari, kottej tipidagi turar joylar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, issiqxonalar, umumiy ovqatlanish va choyxona binolari qurish hamda mevali bog‘ yaratish uchun ajratilgan. 

Biroq, “Alliance R.C.” MCHJ mansabdor shaxslari yer va shaharsozlikka oid qonun va me’yoriy hujjatlarning talablariga amal qilmasdan o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlarini boshlagan.  

Shu bilan birga, qurilish ishlarini loyihalash va ruxsatnomalar olish uchun asos hisoblangan “Arxitektura me’moriy rejalashtirish topshirig‘i”ni sohtalashtirib, hokim qarorida ko‘rsatilgan 4 gektar yer maydoniga qo‘shimcha ravishda yana 6 gektar yer maydonini qo‘shib olib, jami 10 gektar yer maydoniga qalbaki topografik chizma tayyorlashga erishgan.  

Buning oqibatida mazkur 6 gektar yer maydoni doirasida shahar hokimining qarorlariga asosan, yer uchastkalari ajratilgan tadbirkor hamda bir nechta fuqarolarning yerdan foydalanish huquqlari buzilgan. 

Bundan tashqari, o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, noqonuniy qurilish qilingan 0,36 gektar yer maydonlarini elektron auksion savdolarida sotish imkoniyati yo‘qotilgan va davlat byudjetiga 190,8 mln so‘m miqdorda zarar yetkazilgan. 

Tergov harakatlari davomida “Alliance R.C.” MCHJning rahbari hisoblangan Sh.K. xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi deputati ekani aniqlangan. 

To‘plangan hujjatlarga ko‘ra, deputat Sh.K.ni ayblash uchun asoslar yetarli deb topilib, joriy yil 6 may kuni shahar prokurori tomonidan xalq deputatlari Andijon shahar Kengashiga deputatlik maqomidan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritilgan.

Taqdimnoma joriy yilning 17 may kuni xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ko‘rib chiqilib, Sh.K.ning deputatlik maqomi bekor qilingan.

Ish bo‘yicha tergov harakatlarini har tomonlama, to‘la va xolisona  o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida jinoyat ishi Izboskan tumani prokuraturasiga topshirilgan.
 
Ma’lumot uchun, qonunchilikda tergov harakatlariga aralashish, ya’ni uni har tomonlama, to‘la va xolisona o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazganlik uchun tegishli javobgarlik belgilangan.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikda quyi turuvchi prokurorga ko‘rsatmalar berish yoxud uning har qanday, shu jumladan protsessual qarorini o‘zgartirish yoki bekor qilish, prokurorlar ishlarining to‘g‘ri tashkil etilishi faqat yuqori turuvchi prokuror tomonidan amalga oshirilishi qat’iy mustahkamlangan.

Avvalroq Xalq deputatlari Andijon shahar kengashining navbatdagi sessiyasida bir guruh deputatlar tintuv qilingani haqida xabar berilgandi. Milliy gvardiya e’tirozlarga sabab bo‘lgan holatga munosabat bildirib, deputatlar Andijon shahar hokimining topshirig‘iga asosan tintilganini ma’lum qildi.

Shuningdek, ushbu holat bo‘yicha Adliya vazirligi ham taqdimnoma kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

242

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing