Bortida Liviya Bosh qo‘mondoni bo‘lgan samolyot Turkiyada qulab tushdi (video)
Olam
−
24 dekabr 2025 7574 2 daqiqa
Kecha, 23 dekabr kuni kechqurun Turkiyada Liviya Bosh shtabi boshlig‘i Muhammad al-Haddad bo‘lgan biznes-jet samolyoti halokatga uchradi. Bu haqda Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya X’dagi sahifasida e’lon qildi.
Hodisa Anqara yaqinida sodir bo‘lgan. Liviya rasmiylari harbiy qo‘mondonning halok bo‘lganini tasdiqlagan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Anqaradagi Esenbog‘a aeroportidan Tripoliga yo‘l olgan samolyot qoldiqlari Haymana tumanidagi Kesikkavak qishlog‘idan 2 kilometr janubda topilgan. Falcon 50 rusumli samolyot bilan aloqa parvozdan taxminan 40 daqiqa o‘tib uzilgan.
Samolyot bortida Muhammad al-Haddaddan tashqari yana to‘rt kishi bo‘lgan. Unga maslahatchisi Muhammad al-Asavi Diab, Quruqlikdagi qo‘shinlar shtabi boshlig‘i general-leytenant al-Fayturi Garib, brigada generali Mahmud al-Kativiy hamda Bosh shtab matbuot xizmati fotografi Muhammad Umar Ahmad Mahjub hamrohlik qilgan.
Halokatdan so‘ng Anqara aeroportidagi parvozlar vaqtincha to‘xtatilgan. Ayrim OAVlar Haymana yaqinida kuchli tovush eshitilganini yozdi.
Liviya Bosh vaziri Abdul Xamid Dbeyba halokat delegatsiyaning Anqaraga rasmiy tashrifdan qaytayotgan paytida sodir bo‘lganini bildirib, besh kishining o‘limini mamlakat uchun “katta yo‘qotish” deb atagan.
Liviya Aloqa vaziri Valid al-Lafiy “Al Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida halokatga uchragan samolyot Liviyaga tegishli bo‘lmagani, balki ijaraga olinganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchishdan ko‘p o‘tmay ekipaj texnik nosozlik haqida dispetcherlarga xabar bergan. Samolyot elektr tizimidagi nosozlik sababli Esenbog‘a aeroportiga favqulodda qo‘nishga uringan.
Anqara Bosh prokuraturasi mazkur aviatsiya halokati yuzasidan tergov boshlagan. OAVning yozishicha, Muhammad al-Haddad G‘arbiy Liviyada armiyaning bosh qo‘mondoni bo‘lib, mamlakatdagi bo‘lingan qurolli kuchlarni birlashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarda muhim rol o‘ynagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksika Harbiy-dengiz kuchlariga tegishli King Air ANX 1209 samolyoti AQSHning Texas shtatidagi Galveston shahri yaqinida qo‘nish paytida halokatga uchragandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 5 kishi halok bo‘lgan, ularning ichida 2 yoshli bola ham bor.