Borrel Isroilning ikki vaziriga qarshi sanksiya kiritmoqchi
Olam
−
29 avgust
3425Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Josep Borrel Isroil Moliya vaziri Betsalel Smotrich va mamlakat Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga “nafrat qo‘zg‘atish” va “inson huquqlarini buzganlik” uchun sanksiyalar joriy etishni taklif qildi. Bu haqda dpa agentligi xabar berdi.
Borrelning taklifi Yevropa Ittifoqining 27 davlati Tashqi ishlar vazirlari sammiti arafasida bildirilgan. Smotrich va Ben-Gvir G‘azo sektori aholisiga insonparvarlik yordami yetkazilishini blokirovka qilishga chaqirdi. Ben-Gvir shu yo‘l bilan HAMASni taslim bo‘lishga undashga umid qilmoqda.
Smotrich esa shundan so‘ng isroillik garovga olinganlar ozod qilinishiga ishonmoqda. Isroil Moliya vaziri G‘azo sektorining qamal qilinishini hatto ikki million aholisi ochlikdan nobud bo‘lishini anglatsa ham "axloqiy va asosli" deb atadi.
Avvalroq, Smotrich va Ben-Gvir HAMAS bilan mumkin bo‘lgan sulhga keskin qarshi ekani ma’lum bo‘lgan edi. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, yaqinda Isroilga Misr va Qatar vositachilari orqali HAMASning yangi rahbari Yahyo Sinvar shunday sulhga tayyorlik signalini yetkazgan. Biroq Qohirada Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlandi.
Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns, Qatar Bosh vaziri Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy va Misrning yuqori martabali rasmiylari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragani haqidagi xabarlar ortidan AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin mintaqada ikkita aviatashuvchi zarba beruvchi guruhning mavjudligini uzaytirishni buyurdi.
LiveBarchasi