Boliviya Isroil bilan barcha diplomatik aloqalarni uzdi
Olam
−
01 noyabr 2023
10204Boliviya Isroil bilan barcha diplomatik aloqalarini uzdi. Chili va Kolumbiya esa mamlakatdagi elchilarini maslahatlashuv uchun chaqirib oldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Boliviya hukumati G‘azo sektoridagi amaliyot tufayli Isroil bilan diplomatik munosabatlarni uzgan. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Freddi Mamani bu qaror Isroilning Falastin hududlarida olib borayotgan keng ko‘lamli harbiy harakatlarini keskin qoralash maqsadida qabul qilingan.
“Boliviya G‘azo sektorida sodir bo‘layotgan agressiv va nomutanosib Isroil harbiy hujumini rad etish va qoralash uchun ushbu davlat bilan diplomatik aloqalarni uzishga qaror qildi”, deydi Vazir o‘rinbosari.
Janubiy Amerikaning yana ikki davlati – Chili va Kolumbiya esa Isroildagi elchilarini maslahatlashuv uchun chaqirib olgan. Boliviya va Chili hukumati Isroilni xalqaro huquqni buzganlikda ayblab, G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazilishini ta’minlash zarurligini bildirgan.
Har uchala davlat ham urushni tinch yo‘l – sulh tuzish orqali to‘xtatishga chaqirmoqda. Shuningdek, Meksika va Braziliya hukumati ham sulh zarurligini bildirgan. Biroq hozircha Isroil tomoni ushbu mamlakatlar bilan tugatilgan yoki amaldagi diplomatik aloqalar haqida hech qanday ma’lumot bergani yo‘q.
Ma’lumot uchun, bu Boliviyaning Falastin mojarosi tufayli Isroil bilan ikkinchi bor diplomatik munosabatlarni to‘xtatishi hisoblanadi. Birinchisi 2009 yilda G‘azo sektoriga qilingan hujumlar tufayli uzilgan, lekin aloqalar oradan 11 yil o‘tgach, 2020 yilda qayta tiklangan. Boliviya dunyo mamlakatlari orasida Isroilning G‘azoga hujum qilishini keskin rad etib, shu sababli u bilan munosabatlarni uzgan yagona davlat sanaladi.