Bolasini jarohatlagan onaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

3-sahifa

image

Surxondaryo viloyatida bolasiga jismoniy zo‘ravonlik qilib, tan jarohati yetkazgan onaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bolalar ombudsmani kotibiyatiga Termiz shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro I.Q (erkak)ning murojaati kelib tushgan.

Murojaatda I.Q. (erkak) oilaviy kelishmovchiliklar sababli turmush o‘rtog‘i F.T. (ayol) bilan birga yashamayotgani, turmush o‘rtog‘i tomonidan 2009 yilda tug‘ilgan farzandi Z.D.ga (qiz bola) nisbatan bir necha marotaba jismoniy zo‘ravonlik qilinib, tan jarohati yetkazilganini bildirgan.

Aniqlanishicha, ona avval ham qiziga tan jarohati yetkazgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

“Bunga qaramay, zo‘ravonlik yana davom etayotganini bildirib, ota farzandining huquqlarini himoya qilishni va turmush o‘rtog‘i F.T.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan”, deyiladi xabarda.

Mazkur holat Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, Termiz shahar IIB tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasida (sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasi asosida) ayol voyaga yetmagan farzandini urib, tan jarohati yetkazgani aniqlangan.

Joriy yilning 19 dekabr kuni ayolga Jinoyat kodeksining 126-moddasi 1-bandi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida voyaga yetmagan farzandiga nisbatan g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘lgan onaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo jinoyat Bolalar ombudsmani

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing