“Bolalarimizning ongi sotilmaydi”. Makron o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi

Olam

image

Fransiya parlamentining quyi palatasi 15 yoshga to‘lmagan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda “Le Monde” gazetasi xabar berdi.

Nashrning yozishicha, 26 yanvar kuni parlament a’zolari 130 ga 21 ovoz bilan 15 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qullagan. Qonun loyihasida o‘smirlarning maktab hududida mobil telefonlardan foydalanishi ham taqiqlangan. Hukumat bilan birgalikda qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ovoz berishni olqishlab, uni “katta qadam” degan.

Qonun loyihasida ijtimoiy tarmoqqa kirish 15 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar uchun taqiqlanadi, deb ko‘rsatilgan. Endi bu taqiqni yuqori sinflar (litseylar)ga ham tatbiq etish rejalashtirilgan.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning iltimosiga ko‘ra, hukumat qonun loyihasini ko‘rib chiqishda tezlashtirilgan tartibni ishga tushirgan.

Fransiyaning sobiq bosh vaziri Gabriel Attalning so‘zlariga ko‘ra, agar qonun bir oy ichida qabul qilinsa, 1 sentyabrdan joriy yilning 15 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun yangi akkauntlar ochish taqiqlanadi, 31 dekabrgacha esa platformalar o‘smirlarning avvaldan mavjud hisoblarini o‘chirib tashlashi kerak bo‘ladi.

Makron bu rejani Milliy majlis ma’qullagandan keyin X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida olqishlagan. 

“Bolalarimizning ongi sotilmaydi. Na Amerika platformalariga, na Xitoy tarmoqlariga. 1 sentyabrga kelib, bolalarimiz va o‘smirlarimiz nihoyat himoyalanadi. Men buni ta’minlayman”, deb yozgan u. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Madaniyat va axborot vazirligi 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqqani haqida xabar berilgandi.

Aliqulov Javohir


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

taqiq Makron ijtimoiy tarmoqlar o'smirlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing