Bolalar sog‘lig‘i va axloqi uchun xavfli jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning yagona reyestri tuziladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda bolalar hayoti, sog‘lig‘i va axloqi uchun xavfli jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning yagona reyestri tuziladi. 

“Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, yuqoridagi kabi tasniflanuvchi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning yagona reyestri tuzilib, ushbu reyestrga kirgan shaxslarning ta’lim, tarbiya, bolalar sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlanmoqda. 

Shuningdek, qonunga ko‘ra, endilikda 14, 16 yoki 18 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxsning qilmishi, u jabrlanuvchining yoshidan xabardor bo‘lgan bo‘lmaganidan qat’iy nazar jabrlanuvchining haqiqiy yoshidan kelib chiqib baholanishi va mutanosib og‘ir jazo, ya’ni 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Vaholanki, oldingi qonunga ko‘ra, ayblanuvchi jabrlanuvchining yoshini bilmaganini bahona qilib, yengilroq modda bilan javobgarlikka tortilish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

O‘z yaqinlari, yoshi kichik yoki nogironlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarning sodir etilishi, ularning tajovuzkordan himoyalanish imkoniyati cheklanganligi sababli alohida xavflilik darajasiga ega.
Ammo, qonunchilik bunday qilmishlarini alohida og‘irroq jazoni nazarda tutuvchi modda bilan malakalash uchun yetarli imkoniyatlarga ega emas edi.

Yangi qonun bilan shaxs nafaqat amaldagi turmush o‘rtog‘i yoki yaqin qarindoshiga, balki sobiq turmush o‘rtog‘iga, bir ro‘zg‘or asosida birga yashayotgan yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga, nogironga yoxud o‘ziga o‘qitish yoki tarbiyalash uchun topshirilgan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qiladigan bo‘lsa unga og‘irroq jazo, ya’ni ilgarigiday 3 yildan 7 yilgacha emas, balki 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilandi.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan sudlarga kiritiladigan da’volar bo‘yicha davlat bojini  to‘lash majburiyatining mavjudligi xotin-qizlarning huquqlari  va qonuniy manfaatlarini ta’minlash faoliyatiga to‘sqinlik qilmoqda.

Shu sababli, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalariga xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda ma’muriy sudlarga bergan da’volar, arizalar va shikoyatlar yuzasidan davlat bojidan ozod qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ushbu qonunga ko‘ra, endilikda turmush o‘rtog‘ini haqoratlagan shaxs 6 million so‘mgacha jarimaga tortilishi mumkin. G‘arazli niyatlar bilan turmush o‘rtog‘ini kaltaklab, badaniga og‘ir tan jarohati yetkazish esa 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Shuningdek, jamoat joyida shilqimlik qilgan shaxs 1,5 milliongacha jarimaga tortilishi yoki besh sutkagacha qamalishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing