Bolalar “orzusi”: Kongoda maktab yonib ketdi. O‘nlab o‘quvchilar kulga aylandi

Olam

image

Kongo Respublikasining isyonchilar nazoratidagi Bukavu shahrida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida kamida 24 nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘ldi, yana 29 kishi jarohatlandi. Bu haqda Ruanda tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan AFC/M23 harakati tomonidan tuzilgan ma’muriyatdagi Janubiy Kivu provinsiyasi vitse-gubernatori Duniya Masumbuko Bvenge ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Janubiy Kivu provinsiyasidagi Bukavu shahrida yuz bergan yong‘in ikki maktabni vayron qilgan va 300 ga yaqin yog‘och uyni yo‘q qilgan. Halok bo‘lganlar orasida 19 nafar qiz va 5 nafar o‘g‘il bola bor.

AFC/M23 harakati bayonotida dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida 24 kishi halok bo‘lgani va voqea sabablari hamda holatlarini aniqlash bo‘yicha tergov boshlangani aytilgan. Harakat ma’lumotiga ko‘ra, 29 kishi tibbiy yordam olmoqda, ularning 21 nafari reanimatsiya bo‘limida.

Bvengening so‘zlariga ko‘ra, yong‘inda 29 kishi jarohatlangan. Voqea sabablarini aniqlash bo‘yicha tekshiruv davom etmoqda.

Guvohlardan birining xabar berishicha, yong‘in tushdan keyin o‘chirilgan, ammo vayronalar va burishib ketgan tunuka bo‘laklari orasidan hali ham oq tutun ko‘tarilib turgan.

“Biz xiyobonda edik, bolalar endigina maktabga borgan edi. Yong‘in maktabdan uzoq bo‘lmagan joyda boshlandi”, degan voqea guvohi Per Mudaxama.

Uning aytishicha, tez yordam mashinalari voqea joyiga yetib kelib, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarni olib ketgan.

Aholi va tibbiyot xodimlari qurbonlar soni yana ortishi mumkinligini aytgan. Voqea joyida bo‘lgan bir kishi 17 nafar marhumning jasadini, jumladan bolalar va kattalarning tanalarini tez yordam mashinasiga yuklashga yordam berganini ma’lum qilgan.

Mahalliy tibbiy markaz yong‘inda halok bo‘lgan 10 kishining jasadi olib kelinganini aytgan. Boshqa bir shifoxona esa 50 nafardan ortiq o‘quvchi qabul qilingani, ulardan 14 nafari vafot etganini bildirgan.

Ma’lumot uchun, AFC/M23 harakati o‘tgan yil boshida Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy qismida tezkor hujum uyushtirib, Bukavu shahrini egallagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasida nikoh to‘yi fojia bilan yakunlangandi. To‘yda yuz bergan yong‘in oqibatida 20 dan ortiq kishi halok bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing