Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi
Jamiyat
−
24 aprel 2019
9034Joriy yilning 22 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Mamlakatimizda onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash, bolalarning ma’naviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning barkamol avlod bo‘lib yetishishini ta’minlash borasidagi faoliyatning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish zarurati tobora ortib bormoqda.
Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya talablarini har tomonlama hayotga tatbiq etish, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan bolalarning huquqlarini amalda kafolatlash, ularning jismoniy, intellektual, ruhiy va ma’naviy yetuk avlod bo‘lib yetishishini ta’minlash maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:
1. Belgilab qo‘yilsinki:
ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarga munitsipal va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi o‘zlari yashab turgan turar joylarni ular “Mehribonlik” uylariga joylashtirilgan, vasiylik yoki homiylik organining roziligiga ko‘ra vasiylikka yoki homiylikka oluvchi bilan birga yashayotgan butun vaqt mobaynida, o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar bronlashtirish huquqi beriladi;
bolalarning ro‘yxatda turish joyi va fuqaroligidan qat’iy nazar, ularga barcha ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi;
bolalarning davlat organlariga bevosita qilganmurojaatlarini to‘liq ko‘rib chiqish kafolatlanadi va bola to‘liq muomala layoqatiga ega emasligi vajlari bilan bu turdagi murojaatlarni ko‘rmasdan qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga murojaat qilmagan hollarda 14 yoshga to‘lgan bola o‘zining ta’minoti uchun ota yoki onadan yoxud ota-onasi bilan birga yashamayotgan bo‘lsa, bir vaqtning o‘zida ota-onaning har ikkalasidan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqli;
bolalarni himoya qilish maqsadida sudlarga ariza bilan murojaat qilgan da’vogar davlat boji va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan ozod qilinadi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va keng jamoatchilikning:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimini joriy etish va Kotibiyat tuzilmasida bola huquqlarini ta’minlash faoliyatiga ko‘maklashuvchi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 2 nafardan iborat sektor tuzish;
2019 yil 1 sentyabrdan O‘zbekiston Respublikasida erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshini o‘n sakkiz yosh etib belgilash;
qonun hujjatlarida oilaviy munosabatlarni tartibga solishga oid tegishli normalar bo‘lmagan taqdirda O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari tamoyillari va umume’tirof etilgan xalqaro huquq tamoyillariga zid bo‘lmagan mahalliy urf-odat va an’analar qo‘llanilishi haqidagi takliflari ma’qullansin.
3. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda, shuningdek, har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama davrida bola o‘z fikrini ifoda qilishga haqlidir. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli organlar (shaxslar) bolaning manfaatiga taalluqli masalani hal qilishda oqilona va mustaqil fikrlash qobiliyatiga ega bolaning fikrini, uning yoshidan qat’iy nazar, jiddiy omil sifatida ko‘rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlarini nazarda tutuvchi qarorni qabul qilishi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi va Oliy sudi uch oy muddatda bolaning oqilona va mustaqil fikrlash qobiliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish
va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi tizimida fuqarolar bilan o‘zaro aloqani amalga oshirish va shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, maslahat berish va axborot taqdim etish uchun mo‘ljallangan “ishonch telefoni” (respublika doirasida yagona qisqa raqam bo‘yicha hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan “tezkor aloqa”) tashkil etilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Markazga mazkur “ishonch telefoni” orqali bolalarga ko‘maklashish mexanizmlarini joriy etish hamda maxsus imkoniyatlarga ega bo‘lgan veb-saytni ishga tushirish tavsiya etilsin.
5. O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni, agar uning ota-onasidan biri, vasiylikka yoki homiylikka olgan shaxs O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy asosga ko‘ra yashash huquqiga ega bo‘lsa, quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasidan chiqarib yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi:
O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzgan, ya’ni O‘zbekistonda yashash huquqini beruvchi hujjatlarsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan hujjatlar bilan yashagan, vaqtincha yoki doimiy propiska, ko‘chish yoki turar joy tanlash yuzasidan belgilangan tartibga rioya etmagan, bo‘lish muddati tugagach chiqib ketishdan bo‘yin tovlagan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining hududi orqali tranzit tarzda o‘tish tartibiga rioya qilmagan hollarda;
O‘zbekiston Respublikasi hududida sodir etgan jinoyati uchun sud tomonidan belgilangan jazo ijro etib bo‘lingan yoki o‘tab bo‘linganidan keyin yoxud qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingan hollarda.
6. 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan “Mehribonlik” uyi
va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar uchun qo‘shimcha ravishda bir foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalarini ajratish tartibi joriy etilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ikki oy muddatda ilovaga muvofiq onalik va bolalikka oid statistik ma’lumotlarni “stat.uz” veb-saytiga joylashtirishni va ma’lumotlarni doimiy ravishda yangilab borishni ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda FHDYO organlari bilan tug‘ilish va o‘lim to‘g‘risida elektron ma’lumotlar almashish tizimining to‘liq ishlashini ta’minlashga hamda muassasalarga optik tolali aloqa tarmog‘ini o‘rnatishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqsin hamda yil yakuniga qadar mazkur tizimning to‘liq joriy etilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonunga ushbu qarordan kelib chiqadigan hamda uning faoliyatini yanada takomillashtirishga va jamoatchilikning keng ishtirok etishini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirishlarni kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini belgilangan tartibda kiritish tavsiya etilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi 2019 yil 1 sentyabrga qadar:
a) Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz va Adliya vazirligi bilan birgalikda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarning ijtimoiy-huquqiy maqomi hamda bunday bolalarni tarbiyalash uchun joylashtirish shakllari;
farzandlikka oluvchi oilalarni tayyorlash va ularga ko‘maklashish tartibi;
yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarning ijtimoiy himoyasi, mulkiy va nomulkiy huquqlarining kafolatlari;
yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarning huquqiy yordam olish va sud himoyasida bo‘lish huquqlarini ta’minlash;
yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar “Mehribonlik” uylari va internatlarni o‘qib tugatganidan keyin ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish;
b) Adliya vazirligi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan birgalikda ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarga munitsipal va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi o‘zlari yashab turgan turar joylarni ular “Mehribonlik” uylariga joylashtirilgan, vasiylik yoki homiylik organining roziligiga ko‘ra vasiylikka yoki homiylikka oluvchi bilan birga yashayotgan butun vaqt mobaynida, o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar bronlashtirish tartibini belgilovchi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda bolalar uylari, nogiron bolalar uchun “Muruvvat” internat uylari, sil kasalligiga qarshi bolalar sanatoriysi, “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari va maktabgacha ta’lim muassasalarida suiiste’molchiliklarning oldini olish va qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan jamoat nazoratini o‘rnatishni nazarda tutuvchi amaliy mexanizmni joriy qilishni nazarda tutuvchi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz bilan birgalikda uch oy muddatda:
a) O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuniga:
bolaga nisbatan ishlatiladigan tazyiq va zo‘ravonliklar turlari hamda uning oldini olishga oid choralarni;
sudgacha va sud jarayonida jinoyat protsessi ishtirokchisi bo‘lgan bolalarni himoya qilishga qaratilgan qo‘shimcha kafolatlarni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni;
b) O‘zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonuniga o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarni huquqbuzarlik sodir etganligi uchun profilaktik hisobga olish o‘rniga, ularning jamiyatga moslashuvini ta’minlovchi mexanizmlarni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni;
v) O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsni yollanma sifatida jalb etish, o‘qitish, moliyalashtirish yoki unga boshqa moddiy ta’minot berish, xuddi, shuningdek, undan harbiy to‘qnashuv yoki harbiy harakatlarda foydalanish jinoyati uchun javobgarlikni og‘irlashtiruvchi normalar bilan to‘ldirishni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni;
g) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining odam savdosi uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 135-moddasini Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga doir Fakultativ protokolga (2000 yil 25 may, Nyu-York) implementatsiya qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda kiritsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi ikki oy muddatda xodimlarning o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar bilan ishlashi bo‘yicha metodik qo‘llanma ishlab chiqsin hamda o‘z xodimlarining malakasini tizimli ravishda oshirib borsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi uch oy muddatda:
Bosh prokuratura, Xalq ta’limi vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda vasiylik va homiylik organlari tizimini qayta ko‘rib chiqib, ularning maqomini belgilash hamda faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini;
o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning huquqiy munosabatlar sub’ekti sifatida qatnashishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida qonun hujjatlaridagi “voyaga yetmagan” va “bola” kabi tushunchalarni birxillashtirish yuzasidan o‘zgartish va qo‘shimchalarni nazarda tutuvchi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ikki oy muddatda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining o‘ttiz yilligini keng nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini;
uch oy muddatda Bolalar huquqlarini himoya qilish va ularga qulay shart-sharoit yaratishga oid milliy harakatlar dasturini tasdiqlasin.
16. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha idoralararo komissiya (O.B.Murodov) hamda Jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha idoralararo ekspert guruhi (A.Yu.Mavlonov) bir oy muddatda tegishli kodekslar ishlab chiqilishida foydalanish va milliy qonunchilikni takomillashtirish maqsadida yuvenal adliya tizimini joriy etish bo‘yicha konsepsiya loyihasini ishlab chiqsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda mehnat qonunchiligiga ko‘ra ishga kirish huquqiga ega bo‘lgan bolalarning mehnatidan foydalanishda ularning huquqlari kafolatlanishini ta’minlovchi qoidalarni keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilsin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mazkur qarorning mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.
19. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.A.Abduhakimov va T.K.Norboyeva zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019 yil 22 aprel
LiveBarchasi