Markaziy Osiyo yana tahdid ostida
Jamiyat
−
23 yanvar 2627 2 daqiqa
Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi deputati - sobiq professional bokschi Nikolay Valuyev ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan videomurojaati bilan jamoatchilik e’tiborini o‘ziga qaratdi. Unda Valuyev Rossiya sobiq sovet respublikalariga nisbatan “yumshoq siyosat” yuritib kelganini, bu esa kutilgan natija bermaganini ta’kidladi. Uning fikricha, endi “qattiq choralar” ko‘rish vaqti kelgan.
Deputat so‘nggi 30 yil davomida sobiq mustamlaka davlatlariga Rossiya tomonidan rag‘batlantirish va imtiyozlar siyosati qo‘llanganini, ammo bu yo‘l samara bermaganini aytgan holda, ochiq tahdid ohangida fikr bildirgan. Shu bilan birga, deputat yoshlar, xususan “zumerlar” avlodini jismoniy tayyorgarlikka chaqirib, sport zallariga borish va “erkaklarga xos sport turlari” bilan shug‘ullanishni targ‘ib qildi. Uning aytishicha, yaqin kelajakda “qahramonlar vaqti” keladi.
O‘zbekistonlik sobiq professional bokschi Ruslan Chagayev Valuyevning bayonotlariga javoban, agar uni “joyiga qo‘yish” uchun yana ringga chiqish kerak bo‘lsa, bunga tayyor ekanini bildirdi. U hazilomuz, ammo keskin ohangda jangdan keyin Valuyev butun O‘rta Osiyoni “juda yaxshi ko‘rib qolishi”ni aytdi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz-ki, bundan qariyb 19 yil avval boks ringida rossiyalik Nikolay Valuyev va o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev to‘qnash kelgan edi. 12 raund davom etgan jangda Ruslan Chagayev g‘alabaga erishgandi.
Ayrim foydalanuvchilar Valuyev tarqatgan videolar sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan bo‘lishi mumkinligini ham taxmin qilmoqda. XXI asrda bunday texnologiyalar orqali istalgan mazmundagi videolar yaratish mumkinligi ma’lum. Biroq bu bayonotlarni faqat texnik manipulyatsiya sifatida baholash noto‘g‘ri bo‘ladi.
Chunki Valuyevning so‘zlari Rossiya axborot makonida ilgari ham yangragan shunga o‘xshash da’volarning mantiqiy davomi sifatida ko‘rilmoqda. Ilgariroq rossiyalik teleboshlovchi Vladimir Solovyov Ukrainaga qarshi boshlangan “maxsus harbiy amaliyot”ni Rossiya “ta’sir doirasi”dagi boshqa hududlarda ham o‘tkazish mumkinligini aytgan edi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova uning fikrlari rasmiy Moskva pozitsiyasini aks ettirmasligini bildirgan edi. Keyinchalik esa Aleksandr Dugin sobiq SSSR tarkibida bo‘lgan davlatlarning mustaqilligini tan olmaslik haqida fikrlarni bildirgandi.
Biroq bu gal gap bloger yoki teleshou ishtirokchisi haqida emas, balki Rossiya Davlat Dumasi deputati tomonidan aytilgan ochiq va oshkora bayonotlar haqida ketmoqda. Bu gal Rossiya rasmiy doiralari, xususan Tashqi ishlar vazirligi bunday bayonotlarga qanday munosabat bildiradi? Bu savol hozircha ochiq qolmoqda.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasidagi ushbu videoreportajni tomosha qiling.
Live
Barchasi