Bog‘cha mudirasi lavozimini 2,5 ming dollarga pullashga uringan mansabdor ushlandi

3-sahifa

image

Namangan viloyatdagi tumanlardan birining maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri pora bilan ko‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bo‘lim mudiri hamda ikkita xususiy bog‘cha rahbarlari o‘zaro til biriktirib, mahalliy fuqaroning ishonchiga kirishgan. Ular o‘zlarining mansabdor tanishlari orqali fuqaroni boshqa tumandagi davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim muassasalaridan biriga mudira lavozimiga tayinlash evaziga 2500 AQSH dollari talab qilgan.

Tezkor tadbirda dastlab oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalaridan birining rahbari 2500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan. So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, undan ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida ikkinchi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari qo‘lga olingan.

O‘z navbatida, u 1000 AQSH dollarini tuman maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiriga berishi kerakligi aniqlanib, mazkur mansabdor shaxs ham ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Bildirilishicha, hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “a” bandi va 211-moddasi (Pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa holatda esa Kadastr agentligi Davlat kadastrlar palatasining Andijon viloyatidagi tumanlardan birining filiali boshlig‘i xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroning ishonchiga kiradi. Mazkur mansabdor shaxs tuman zaxirasida bo‘lgan 17 sotix toshloq yer maydonini noturar joy sifatida uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Andijon viloyatining Jalaquduq tumani hokimi o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushgandi. U fermerning dala hovlisini ukasining turmush o‘rtog‘i nomiga rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

pora Namangan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing