Bog‘cha direktorlariga menejerlik sertifikati berish tizimi joriy etiladi
Jamiyat
−
31 avgust
36702025 yil 1 yanvardan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori lavozimiga nomzodlarni menejment kurslariga qabul qilish va ularga elektron shaklda maxsus portal orqali sertifikat berish tizimi joriy etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining "Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktori lavozimiga nomzodlarni menejment kurslarida tayyorlash va tayinlash tizimini joriy etish hamda ularga sertifikat berish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, menejer sertifikatiga ega bo‘lgan tashkilot direktoriga sertifikatning amal qilish muddati davomida oylik ish haqiga 30 foiz miqdorida qo‘shimcha oylik ustama to‘lanadi.
Shuningdek, bolalar bog‘chalari direktori lavozimiga nomzodlar zaxirasi viloyatlar va poytaxtda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bo‘linmalari tomonidan menejer sertifikatini olgan nomzodlar orasidan shakllantiriladi.
Malaka oshirish kurslari Maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tomonidan tashkil etiladi. Sertifikatga nomzodlar maxsus portal orqali elektron tarzda ro‘yxatdan o‘tadilar va o‘qish uchun ariza beradilar. Ularda kamida bakalavr darajasi bo‘lishi va tashkilot direktorlariga qo‘yiladigan malaka talablariga mos kelishi kerak.
Yakuniy testlar 25 ta savol, keyslar va amaliy topshiriqlardan iborat. Testlar uchun 50 ball, keys topshiriqlari uchun – 10, amaliy topshiriqlar uchun – 40 ball beriladi (jami 100 ball).
70 va undan yuqori ball to‘plagan nomzodlar yakuniy imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi va ularga sertifikat beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda maktab direktori lavozimiga nomzodlar faqat menejerlik sertifikati mavjud va zaxiraga kiritilgan kadrlar orasidan tanlab olinishi mumkinligi xabar qilingandi.
LiveBarchasi