“Boeing” Rossiyaning kasriga O‘zbekistonga ham samolyot sotishni to‘xtatdi
Olam
−
19 iyul 2022
16047Amerika Qo‘shma Shtatlarining “Boeing” aviasozlik korporatsiyasi o‘z mahsulotlari xaridorlari ro‘yxatidan Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari (jumladan, O‘zbekistonni ham) chiqarib tashladi.
Yaqin 20 yil uchun savdo xaritasida mintaqa kulrangga bo‘yalib, ajratib qo‘yildi. 2041 yilgacha bu hududlarga samolyotlar yetkazib berish rejalashtirilmayapti.
“Bu biz uchun maqsadli bo‘lmagan bozor”, degan “Boeing”ning tijorat marketing bo‘yicha vitse-prezidenti Darren Xalst.
“Boeing” 2021 yili kelgusi 20 yil ichida rossiyalik mijozlar 1500 dan ortiq samolyot sotib olishini bashorat qilgan edi. Ammo 2022 yil mart oyida korporatsiya Rossiya aviakompaniyalariga texnik xizmat ko‘rsatish va Rossiyaga ehtiyot qismlar yetkazib berishni to‘xtatayotganini e’lon qildi.
Korporatsiyaning tijoriy havo qatnovi va samolyotlarga bo‘lgan talab bo‘yicha uzoq muddatli prognozi Ukrainadagi urushning aviatsiya sanoatiga bevosita ta’sir ko‘rsatgani, birinchi navbatda, Rossiyaga samolyotlarni yetkazib berish imkonsiz bo‘lishi bilan izohlangan.
“Rossiya va Markaziy Osiyoda samolyotlarga talab mavjudligiga qaramay, bu holat qancha davom etishi aniq emas. Shu sababli biz Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha rejalarni e’lon qilmaslikka qaror qildik”, deyiladi prognozda.
“Bloomberg”ga ko‘ra, bir yil avval “Boeing” 20 yil davomida 43 610 ta samolyot sotishni rejalashtirgan. Biroq hozir bu raqam 41 170 ta samolyotga kamaydi. Aviasozlik korporatsiyasi, shuningdek, butun yil davomida yo‘lovchilar o‘sishi prognozini 4 foizdan 3,8 foizga tushirdi.
Korporatsiyaning ta’kidlashicha, Osiyo bozorlari yangi samolyotlarga uzoq muddatli talabning taxminan 40 foizini tashkil qiladi. Yangi samolyotlarni yetkazib berish bozorining qiymati 7,2 trillion dollarni tashkil etadi, bu talabni qondirish uchun tijorat xizmatlari bozori 3,6 trillion dollarga baholanmoqda.
2041 yilga kelib, global samolyot parki 2019 yildagi pandemiyadan oldingi darajaga nisbatan 80 foizga oshishi kutilmoqda.
LiveBarchasi