Boburni “anjancha quvish”
Tahlil
−
19 noyabr
16184Andijonda Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rniga dom qurishmoqchi. Ha, O‘zbekiston bu. Topilgan har qarichni pullashadi va faqat “dom” qurishadi. Bu ko‘p qavatli binolarni qurguncha odamlarning o‘zidan investor sifatida foydalanishadi, qop-qop va’dalar berishadi. Achinarlisi esa davlat mulki deb ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat bo‘lganda ham oddiy emas, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatida turadigan binolar ham buzilib, o‘rniga qo‘g‘irchoq binolar qurilishi davom etmoqda.
QALAMPIR.UZ’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, vazirlik va idoralarga kelishish uchun yuborilgan “Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasining 16-bandida Andijon viloyatidagi “Zahiriddin Muhammad Bobur” haykalini Andijon shahridagi “Registon” maydoniga ko‘chirish, buning hisobiga bo‘shaydigan 1,2 gektar yer uchastkasida 2 ta 20 va 16 qavatli turarjoy majmuasi barpo etilishini hamda 90 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya mablag‘lari kiritilishini ta’minlash yozilgan.
Bobur haykali O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. Ochiq portalda yozilishicha, Zahiriddin Muhammad Bobur haykali Andijon viloyati “Mustaqillik” MFY, Amir Temur shoh ko‘chasiga 1993 yilda o‘rnatilgan. Buni qarangki, bu haykal ham davlat mulki hisoblanadi va Andijon shahar hokimligida operativ boshqaruv huquqi asosida ro‘yxatdan o‘tgan.
Shu desangiz, davlat mulkini xususiylashtirish ham oson bo‘lib qoldi. Bahona bor-ku, nega milliy ro‘yxatdagi bino yoki haykalga tegyapsiz, desangiz investitsiya kiritamiz deb sabab ko‘rsatishadi.
Haykalning ko‘chirilishi e’lon qilinganidan so‘ng Andijon viloyati hokimligi mazkur masalaga munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, aholining uzoq yillik istaklaridan kelib chiqib, viloyat markazidagi “Bobur” shoh ko‘chasida joylashgan chorrahada yo‘l o‘tkazgich qurilmoqda. Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasiga atab barpo etilgan maydon yangi qurilayotgan ko‘prik yaqinida joylashgani uchun ushbu maydon anchayin yopiq ko‘rinishga kelib, maydonning bir qismi ko‘prik ostida qoladi.
“Bobomiz, Andijon farzandi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasiga atab barpo etilgan maydon yangi qurilayotgan ko‘prik yaqinida joylashgan bo‘lib, loyiha qurilishi yakunlangach, ushbu maydon anchayin yopiq ko‘rinishga kelib, maydonning bir qismi ko‘prik ostida qoladi.
Ilmiy kengash vakillari, boburshunoslar hamda Andijon oqsoqollari boshchiligida ushbu mavzu muhokama etilib, kerakli xulosa yasaldi. Unga ko‘ra, ulug‘ bobokalonimiz va buyuk shoir xotirasini e’zozlash maqsadida unga atab o‘rnatilgan mahobatli haykal, shoh Boburning o‘zi tug‘ilib o‘sgan “Eski shahar” hududidagi o‘zbek tarixini o‘zida aks ettirgan “Registon” maydoniga ko‘chirilib, maydonni o‘ziga xos qo‘shimchalar bilan boyitish va yangi, ko‘rkam maydon barpo etishga kelishilgan. Hozirda bu rejani amalga oshirish uchun katta tayyorgarliklar ko‘rilmoqda.
Avvalgi maydon o‘rnida esa aholimiz uchun “Savdo Mall” majmuasi, ko‘ngilochar markazlar, ofislar va aholimizga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan boshqa turdagi zamonaviy binolar barpo etish loyihasi taklif etilgan.
Ma’lumot uchun, ushbu maydon o‘rnida turarjoy qurish rejasi mavjud emas, tarmoqlarda kuzatilgan turarjoy qurilishi haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmaydi”, deydi hokimlik voizi.
Hokimlik o‘zining bayonotiga qo‘shib, qurilajak bino qanday ko‘rinishda bo‘lishini ham rasmlari bilan taqdim etgan. Bu bayonotdan bino qurilishi allaqachon aniq bo‘lganini bilish, tushunish shart emas. Demak, yuqoridagi aytganimiz qonun loyihasi aniq tasdiqlanadi.
Bayonotni yaxshilab tinglagan bo‘lsangiz, unda Ilmiy kengash vakillari, boburshunoslar hamda Andijon oqsoqollari boshchiligida ushbu mavzu muhokama etilib, kerakli xulosa yasalgani aytilgan. Ammo aynan qaysi ilmiy kengash ekani haqida bayonotda so‘z bormagan.
QALAMPIR.UZ mazkur masalani muhokama qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligidagi manbalari bilan bog‘landi. Biz bilan suhbatda bo‘lgan mutaxassisning aytishicha, hozirgacha agentlikka bu davlat mulkining bir joydan boshqa joyga ko‘chirilishi haqidagi hujjat kelib tushmagan. Qolaversa, bu ishni qilish Andijon oqsoqollari bilan bitadigan ish emas.
“Andijon viloyati hokimligi bayonotida ilmiy kengash bilan maslahat qilingani aytilgan. Bu qaysi ilmiy kengash? Masalan, bu haqdagi ma’lumot Madaniy meros agentligiga yetib kelmagan. Qolaversa, haykalni ko‘chirishning o‘ziga yarasha tartibi bor. Bu yerda nafaqat hokimlik, balki Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar ishtirok etishi kerak”, deydi manba.
Shuningdek, bu holat yuzasidan “Bobur xalqaro jamoat fondi” raisi o‘rinbosari Rustamjon Mamasoliyev bilan ham bog‘landik. Uning aytishicha, Andijondagi Bobur haykali ko‘chirilganidan direktor o‘rinbosari sifatida uning ham xabari yo‘q.
“Raisimiz davolanishda. Boshqa boburshunoslarning Bobur haykalining ko‘chirilishidan xabari bormi, yo‘qmi, buni bilmayman. Ammo bu haykalning ko‘chirilishidan mening xabarim yo‘q. Hokimlik matbuot kotibi aytgan muhokamada biz qatnashmaganmiz, bu xabarlarni men ham yangiliklardan bildim.
Lekin bir narsani aytish kerak, hozir Bobur haykali atrofiga ko‘prik tushyapti. Ko‘prik bitganidan so‘ng haykal uning ostida qoladi va bu haykalga mos joy bo‘lmaydi.
Agar faxriylar, mutaxassislar kelishib uni biror munosib joyga ko‘chirishni maslahatlashgan bo‘lsa, bizning unga qarshiligimiz yo‘q”, deydi “Bobur xalqaro jamoat fondi” raisi o‘rinbosari.
Endi davlatning milliy ro‘yxatida turadigan bir haykalning asli qay tartibda ko‘chirilishiga to‘xtalsak.
Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, bir haykal u yoki bu joyga ko‘chirilishidan avval nima uchun va qayerga ko‘chirib o‘tkazilishi haqidagi qaror loyihasi ishlab chiqiladi. Haykal davlat mulki hisoblangani va Moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatida borligidan kelib chiqsak, loyiha birinchi navbatda Madaniy meros ob’ekti mutasaddilari bilan muhokama qilinadi. Agentlikning shaxsi sir saqlanishini so‘ragan mulozimiga ko‘ra, bu loyiha agentlik bilan maslahat qilinmagan.
Bobur haykalining ko‘chirilishi masalasiga eng birinchi reaksiya qilishi kerak bo‘lgan Madaniy meros agentligi hammadan oxirida bayonot berib chiqdi. Agentlik ham Zahiriddin Muhammad Bobur monumental san’at yodgorligi milliy ro‘yxatga kirganini inkor etmadi va Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan agentlikka Bobur haykalini ko‘chirilishi yuzasidan murojaat kelib tushgani, agentlik palataga Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashidan xulosa olish kerakligi bildirilganini ma’lum qildi.
“Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan 2024-yilning 8-noyabrida Andijon viloyati Madaniy meros boshqarmasiga Zahiriddin Muhammad Bobur monumental san’at yodgorligini ko‘chirilishi yuzasidan murojaat kelib tushgan. Boshqarma tomonidan haykalni ko‘chirish masalasi yuzasidan tegishli tashkilotlarga Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashidan xulosa olishi uchun tushunchalar berilgan", deyiladi bayonotda.
Shuningdek, agentlik sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari joylashgan aholi punktlarining bosh rejalari Agentlik bilan kelishilishi majburiy hisoblanishi va moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida ob’ektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Agentlik bilan majburiy tartibda kelishilishi belgilab qo‘yilganini eslatgan.
Andijonda davlat yo‘q qilayotganlardan biri faqat Bobur haykali emas, balki odamlar borib ko‘ngil yozishi mumkin bo‘lgan Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i o‘rnida qurilayotgan City ham bor. Aslida bu bog‘ ham davlat mulki. Bog‘ 1930 yilda barpo etilgan va davlat mulki hisoblanadi.
Qaror loyihasida aytilishicha, bog‘ning 10,7 gektar qismida Andijon city ishbilarmonlik markazi, 19 ta 18 qavatli va 7 ta 28 qavatdan yuqori turarjoy va xizmat ko‘rsatish majmualari barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Endi o‘rinli va javobsiz savol beramiz. Bu bog‘ buzilishi kimga kerak, haykal va bog‘ o‘rnida quriladigan ko‘p qavatli binolarni kim, qaysi kompaniya quradi, Andijon hokimligi har ikki ishning loyihasini tayyorlashda fuqarolar fikrini o‘rganganmi, istirohat bog‘i o‘rniga ko‘p qavatli uylarning qurilishi qanchalik zarur edi, bu bog‘ buzib tashlansa, o‘sha hududda yashaydiganlar uchun yaqin bo‘lgan boshqa istirohat bog‘lari bormi va nega doim shunday ishlar Andijonda sodir bo‘ladi?
Andijon deganda odamlarning xayoliga birinchi kim keladi, bilasizmi? Viloyatning “o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas” deyiladigan hokimi Shuhrat Abdurahmonov. Negadir bir joyning buzilishi, qurilishi, katta-katta pullarning sarflanishi kabi ishlar aynan Andijonda sodir bo‘ladi. Viloyatni rasman 2013 yil 26 apreldan buyon boshqarayotgan Abdurahmonov bu yilgi parlament saylovidan keyin yana lavozimga tayinlandi.
O‘zini “viloyatning otasi” deydigan “hokimbuva” sportchilarga hali uy, hali telefon sovg‘a qiladi. Milliardlab pul sarflab jahon yulduzlarini Andijonga olib keladi. Jurnalistlar uni tanqid qilganda esa “qo‘llaringdan balo ham kelmaydi” deydigan ham Abdurahmonovning o‘zi. Qaysidir tadbirga ko‘p pul sarflangani tanqid qilinganda esa Andijon xalqi bir maza qilishini aytadigan hokim bu safar ham davlatning mulkini ko‘chirish, buzishda ana o‘sha Andijon xalqini eshitadi degan umidimiz yo‘q emas.
Bobur haykalining ko‘chirilishi, Alisher Navoiy bog‘ining o‘rniga City qurilishi kabi ishlar tegishli tashkilotlar ruxsati bilan amalga oshiriladi, bu yerlar tanish-bilishlarga berilmaydi, xalqning fikri olinadi degan yaxshi gumonda bo‘lamiz.
LiveBarchasi