Andijonda Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rniga “dom” qurishmoqchi
Jamiyat
−
19 noyabr
4574Andijon viloyatining Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur haykalini ko‘chirib, uning o‘rniga turarjoy majmuasi barpo etilishi haqida xabarlar tarqaldi. Holatga viloyat hokimligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.
O‘zbekiston vazirlik va idoralariga kelishish uchun yuborilgan “Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasining 16-bandida Zahiriddin Muhammad Bobur haykalini Andijon shahridagi “Registon” maydoniga ko‘chirish, buning hisobiga bo‘shaydigan 1,2 gektar yer uchastkasida 2 ta 20 va 16 qavatli turarjoy majmuasi barpo etilishini hamda 90 million AQSH dollari miqdorida investitsiya mablag‘lari kiritilishini ta’minlash qayd etilgan.
Shuningdek, viloyat hokimligi taklifi bilan Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ini zamonaviy uslubda rekonstruksiya qilish va uning atrofidagi 10,7 gektar yer uchastkasida Andijon city ishbilarmonlik markazi, 19 ta 18 qavatli va 7 ta 28 qavatdan yuqori turarjoy va xizmat ko‘rsatish majmualari barpo etilishi hamda 288 million dollar investitsiya kiritilishini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmatining bergan munosabatiga ko‘ra, Bobur haykalini ko‘chirish va maydonga turarjoy qurish taklifiga Ilmiy kengash vakillari, Boburshunoslar hamda Andijon oqsoqollari boshchiligida ushbu mavzu muhokama etilib, kerakli xulosa olingan.
“Buyuk shoir xotirasini e’zozlash maqsadida unga atab o‘rnatilgan haykal, shoh Boburning o‘zi tug‘ilib o‘sgan “Eski shahar” hududidagi o‘zbek tarixini o‘zida aks ettirgan “Registon” maydoniga ko‘chirilib, maydonni o‘ziga xos qo‘shimchalar bilan boyitish va yangi, ko‘rkam maydon barpo etishga kelishilgan. Hozirda bu rejani amalga oshirish uchun katta tayyorgarliklar ko‘rilmoqda”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, avvalgi maydon o‘rnida aholi uchun “Savdo Mall” majmuasi, ko‘ngilochar markazlar, ofislar va aholi uchun xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan boshqa turdagi zamonaviy binolar barpo etish loyihasi taklif etilgan.
“Ushbu maydon o‘rnida turarjoylar qurish rejasi mavjud emas, tarmoqlarda kuzatilgan turarjoy qurilishi haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmaydi”, deyilgan xabarda.
Biroq viloyat hokimligi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ining 10,7 gektar qismida Andijon city qurilishiga to‘xtalmagan.
LiveBarchasi