BMW, Mercedes, Porsche xodimlari ish tashladi
Olam
−
30 Oktabr
6278Germaniyada minglab ishchilar maoshini oshirishni talab qilib, butun mamlakat bo‘ylab ish tashlashni boshladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
To‘rt millionga yaqin elektrotexnika va metallurgiya sanoati ishchilari kasaba uyushmalarining ish tashlashlari Porsche, BMW, Mercedes va boshqa yirik kompaniyalarga ta’sir ko‘rsatdi.
“IG Metall kasaba uyushmasi 29 oktyabrda Germaniya metallurgiya va elektrotexnika sanoatida noroziliklarning birinchi to‘lqinini boshladi. Ularga, shuningdek, Volkswagen va BMW avtomobil ishlab chiqaruvchilari ishchilari ham qo‘shildi. Kun davomida Germaniya bo‘ylab ish to‘xtatildi", deyiladi xabarda.
IG ma’lumotlariga ko‘ra, Osnabryukda Volkswagen zavodining 250 nafar xodimi ish tashlashda ishtirok etmoqda. Regensburgda BMW zavodi oldida plakat ko‘targan ishchilar to‘plangan.
Shuningdek, Gannoverdagi akkumulyator ishlab chiqaruvchi Clarios kompaniyasining 200 ga yaqin xodimi norozilik namoyishiga chiqqan. Xildesheymdagi Jensen GmbH, KSM Castings Group, Robert Bossh, Waggonbau Graaff va ZF CV Systems kompaniyalarining 400 ga yaqin xodimlari ish tashlamoqda.
Xodimlarning asosiy talabi ish haqini yetti foizga, shuningdek, stajyorlarning ish haqini 170 yevroga oshirishdir. Kasaba uyushmasi bunday choralarning zarurligini Germaniyadagi inflyatsiya bilan izohlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, 27 mart kuni Germaniyada transport xodimlarining keng ko‘lamli ish tashlashi bo‘lib o‘tgan edi. Bu mamlakatda so‘nggi 30 yilda sodir bo‘lgan eng yirik ish tashlash sanalgan. Qayd etilishicha, ish tashlash EVG temiryo‘lchilar kasaba uyushmasi va Verdi kasaba uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgandi. Ish tashlash oqibatida Gamburg, Gannover, Dortmund, Drezden, Dyusseldorf, Leypsig, Myunxen, Nyurnberg, Frankfurt-na-Mayn, Shtutgart, shuningdek, Kyoln-Bonn aeroportlaridagi deyarli barcha reyslar bekor qilingan. Ish tashlashda Verdi xodimlarning ish haqini 10,5 foizga oshirishni va oyiga 500 yevrodan kam bo‘lmasligini talab qilgan bo‘lsa, EVG nemis temiryo‘llari xodimlarining ish haqini 12 foizga oshirib, kamida oyiga 650 yevroga chiqarishni tarafdori bo‘lishgan.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi