BMTda O‘zbekiston yana Rossiyaga qarshi ovoz bermadi
Olam
−
13 Oktabr 2023
20310BMT Inson huquqlari kengashining Jenevada bo‘lib o‘tgan 54-sessiyasida G‘arb davlatlari tashabbusi bilan Rossiyaga qarshi rezolyutsiyaga ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy va yana to‘rt davlat Rossiyaga qarshi rezolyutsiyaga qarshi ovoz berdi, 22 davlat, jumladan, O‘zbekiston betaraf qoldi. Rossiyada inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachining vakolatini bir yilga uzaytirishni nazarda tutuvchi qaror hujjati 47 ovozdan 18 ta ovoz oldi. Bu kam ovoz hisoblanadi.
Qarorda Rossiyadagi inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi Mariana Katsarova (Bolgariya) vakolatini bir yilga uzaytirish ko‘zda tutilgan edi. Uning vakolatlariga “barcha manfaatdor tomonlar, shu jumladan, Rossiya Federatsiyasi va undan tashqarida fuqarolik jamiyati bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish” kiradi. Bundan tashqari, qilingan ishlar haqida Katsarovadan Inson huquqlari kengashining 57-sessiyasi va BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasida hisobot taqdim etish so‘raladi. Rossiya hukumati maxsus ma’ruzachiga “mamlakatga to‘siqsiz tashrif buyurishni” ta’minlashga chaqirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, rezolyutsiyaga yetti davlat – Boliviya, Vetnam, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Kuba va Eritreya qarshi ovoz berdi.
Rossiyaga qarshi tashabbusni 18 davlat, jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Argentina, Gruziya va Ukraina qo‘llab-quvvatladi.
Hindiston, Qatar, Malayziya, Meksika, Birlashgan Arab Amirliklari, Pokiston, Sudan, O‘zbekiston va Janubiy Afrika kabi 22 delegatsiya betaraf qoldi. Rossiya Inson huquqlari kengashi a’zosi emas, shuning uchun u ovoz berishda qatnashmadi.