BMT vakili dronlar masalasida Rossiyaning savollariga javob bermadi

Olam

image

BMT Bosh kotibining huquqiy masalalar bo‘yicha yordamchisi va BMT huquqiy maslahatchisi Migel de Serpa Soaresh Rossiyaning tashkilotdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzyaning BMT kotibiyati Ukrainada dronlarning kelib chiqishini tekshirish vakolatiga egami yoki yo‘qligi haqidagi savoliga javob bermadi.

Nebenzya o‘z nutqi so‘nggida Soareshni Ukrainada uchuvchisiz samolyotlar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish imkoniyati haqidagi savolga aniq javob berishga chaqirdi.

“Men janob Soareshga yana bir savol bermoqchiman – tergovni butun Xavfsizlik Kengashining emas, balki alohida a’zo davlatlar talabiga ko‘ra boshlash BMT Nizomining 100-moddasi va 2231-rezolyutsiya qoidalarini buzish bo‘ladimi va ularni amalga oshirishga BMT Kotibiyati tomonidan rozilik berish BMT Nizomini buzish hisoblanadimi?

Men 2231-sonli rezolyutsiyani qo‘llash amaliyotini avvalroq tasvirlab bergan edim. Mening dastlabki bayonotimga qo‘shadigan hech narsam yo‘q. Oxirgi faraziy savollarga javob berishga imkonim yo‘q”, deb javob berdi Soaresh.

Avvalroq Nebenzya BMT Ukrainadagi dronlar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazsa, Rossiya tashkilot Kotibiyati bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi oxirida “The Washington Post” gazetasi Eron Ukrainadagi urush uchun dronlarning birinchi partiyasini Rossiyaga topshirgani haqida xabar bergan edi. Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya tomonidan Ukraina shaharlariga hujum qilish uchun Eron “Shahed” kamikadze-dronlaridan foydalangani haqida bir necha bor xabar bergan. 

17 oktyabr kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi kamikadze-dron hujumlari tufayli Eronni “Rossiyaning Ukrainaga qarshi jinoyatlarida sherik” deb atadi. 

Prezident Vladimir Zelenskiy G7 davlatlarining favqulodda yig‘ilishida so‘zlagan nutqida Rossiya Tehrondan yana 4000 ta dron buyurtma qilganini aytdi. Shuning uchun u Kiyevga havo va raketa hujumiga qarshi mudofaa sohasida yordam so‘rab murojaat qildi. 

Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov “Obozrevatel” nashriga bergan intervyusida Rossiya Erondan 1750 dona hajmdagi dronlarning birinchi partiyasini buyurtma qilgani, keyin ishlab chiqarish va Rossiyaga yetkazib berish uchun vaqt talab qiladigan yangi buyurtmalar boshlangani haqida ma’lum qilgandi. 

“Ular asta-sekin ularni tugatmoqda, eronliklar yangilarini yasamoqda, ammo masalaning boshqa tomoni ham bor: biz barcha dronlarning taxminan 70 foizini doimiy ravishda urib tushiramiz”, deydi Budanov. 

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 18 oktyabr kuni Ukrainada Rossiya qo‘shinlari Eron dronlaridan foydalangani haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

70

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing