BMT Ukrainadan qochqinlarni qabul qilayotganlarga ogohlantirish bilan chiqdi
Olam
−
02 mart 2022
19333Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (XMT) bir qator mamlakatlarning Ukraina diasporasiga vizalar muddatini uzaytirish orqali yordam berish qarorini olqishlaydi va davlatlarni Ukrainani tark etishga intilayotganlarning barchasini hech qanday kamsitishlarsiz himoya qilish va o‘z hududlariga kirishini ta’minlashga chaqiradi. Bu haqda BMT Matbuot xizmati xabar bermoqda.
XMT hisob-kitoblariga ko‘ra, harbiy harakatlar boshlanganidan keyingi dastlabki besh kun ichida Ukrainani kamida 600 ming kishi tark etgan.
Ta’kidlanishicha, XMT uchun birinchi raqamli ustuvor vazifa Ukrainadan chiqib ketayotganlarning, shu jumladan uchinchi davlat fuqarolarining xavfsizligi va himoyasi bo‘lib qoladi.
XMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainada 470 mingdan ortiq uchinchi davlat fuqarolari, jumladan, ko‘p sonli chet ellik talabalar va mehnat muhojirlari yashaydi.
Afrika, Yaqin Sharq va Osiyodagi bir qancha davlatlar o‘z fuqarolarini qaytarishda yordam so‘rab XMTga murojaat qilgan. Hozirda XMT ellik nafar tunisliklarga Ruminiyaga ko‘chib o‘tishga yordam bermoqda, shunda ular charter reysda uylariga qaytishlari mumkin.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi matbuot kotibi Liz Trossell XMTning Ukrainadan kelgan qochqinlarni qabul qilayotgan mamlakatlarga ularning irqi va etnik kelib chiqishiga qarab kamsitmasdan, o‘z hududlariga kirishiga ruxsat berish haqidagi chaqirig‘ini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda u BMTda bugun, 2 mart kuni bo‘lib o‘tgan brifingda gapirgan.
"Bunday tez sur’atlar bilan avj olish ortidan biz bu asrda Yevropadagi eng katta gumanitar inqirozga duch kelishimiz mumkin", deydi BMTning qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari matbuot kotibi Shabia Mantu.
Uning qayd etishicha, BMT Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi ushbu inqirozga tezda javob berish uchun barcha resurslarni safarbar qilmoqda.
LiveBarchasi