BMT Ukrainaga 40 million dollar ajratdi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Ukrainaning eng zaif aholisiga hayotni saqlab qolish uchun yordamga Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish markaziy jamg‘armasidan yana 40 million dollar ajratadi. Bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Nyu-Yorkda jurnalistlarga ma’lum qildi. 

Bosh kotib Ukrainadagi urushni tezroq tugatish bo‘yicha vositachilik sa’y-harakatlarini kuchaytirish maqsadida Xitoy, Fransiya, Germaniya, Hindiston, Isroil va Turkiya kabi qator davlatlar rahbarlari bilan yaqin aloqada ekanini ta’kidladi.  

“Ikki narsa soat o‘tgan sayin ko‘proq va aniqroq bo‘lib bormoqda. Birinchidan, vaziyat yomonlashmoqda. Ikkinchidan, natija qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bu urushda g‘olib bo‘lmaydi, faqat mag‘lub bo‘ladi”, deydi tashkilot rahbari. 

BMT va gumanitar sheriklar tinch aholining qamal qilingan hududlardan xavfsiz o‘tishini ta’minlash va vaziyat imkon bergan joyda yordam ko‘rsatish ustida ishlamoqda. 600 000 dan ortiq odam allaqachon qandaydir yordam olgan. 

“Ukrainada millionlab odamlar ochlik, shuningdek, suv va dori-darmonsiz qolishga duch kelmoqda. Shu munosabat bilan men Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ukraina aholisining eng zaif qatlamlariga hayotiy yordam ko‘rsatish uchun Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish markaziy jamg‘armasidan yana 40 million dollar ajratishini e’lon qilaman”, deya davom etdi Guterrish. 

Qayd etilishicha, bu mablag‘lar mamlakatga zarur oziq-ovqat, suv, dori-darmon yetkazib berish, shuningdek, aholiga moliyaviy yordam ko‘rsatishga xizmat qiladi. 

"Ammo, qurshovdagi shaharlarga olib boruvchi yo‘llar kundan-kunga xavfli bo‘lib bormoqda. Shu munosabat bilan men xalqaro gumanitar huquqqa rioya qilish muhimligini ta’kidlayman”, deydi  BMT rahbari. 

Guterrishga ko‘ra, bu mojaroning yana bir jihati borki, u hali unchalik sezilmaydi. Urushning oqibatlari Ukraina chegaralaridan tashqarida ham ta’sir ko‘rsata boshlaydi. 

“Bu urush davom etar ekan, “Damoklning qilichi” butun jahon iqtisodiyoti, ayniqsa, rivojlanayotgan dunyo ustidan osilib qoladi”, deydi Guterrish. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya yadroviy kuchlarining jangovar tayyorgarligi darajasining oshishi “sovuq hodisa”dir. 

“Ukraina xalqi boshiga tushgan dahshatni to‘xtatib, diplomatiya va tinchlik yo‘liga o‘tish vaqti keldi. Bizga harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish va BMT Nizomi va xalqaro huquq tamoyillari asosida jiddiy muzokaralar olib borish zarur. Bizga tinchlik kerak”, deydi Antoniu Guterrish.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

47

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing